
Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputatlari maktablarda chet tillar, IT darslar uchun ajratilgan dars soatlar holati va malakali pedagoglar bilan ta’minlanganlik masalasini savolnoma asosida o‘rgandi.
Avvalo, bu borada bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etilgan. Shu bilan birga, ba’zi tumanlardagi maktablarda interaktiv doskalar, kompyuter jihozlari, audio ko‘rgazmali jihozlar, chet tili fanidan lug‘at kitoblar, lingafon va smartboardlar yetishmasligi ma’lum bo‘lgan. O‘rganish natijasida Qiziriq tumanida 6, 13, 15, 31, 39, 47-sonli umumta’lim maktablarida IT fanidan o‘qituvchi, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 3, 5, 15, 20, 35, 63, 66, 76-sonli, Oltinsoy tumanidagi 12, 20, 33, 35, 37, 38, 62-sonli, Bandixon tumanidagi 32, 37, 38, 41-sonli, Uzun tumanidagi 8, 19, 23, 24, 26, 33, 38, 49, 58, 60 va 47-sonli, Qiziriq tumanidagi 3, 7, 11, 14, 21, 29, 33, 37, 41, 47-sonli va Jarqo‘rg‘on tumanidagi 44, 49, 54, 58, 60- sonli umumta’lim maktablarida ingliz tili fanidan o‘qituvchi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 41, 42, 48, 52, 57- sonli, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 63, 67, 73- sonli umumta’lim maktablarida rus tili o‘qituvchi kadrlari yetishmasligi bildirilgan.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, partiya guruhi rahbari A. Pardayev ushbu masalalarni o‘rganib chiqishni, yechimi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni hamda natijasi bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyatiga yozma javob qaytarishni so‘rab, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i X.Mamadiyevga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.
So‘rovga boshqarmadan umumiyroq javob kelgan bo‘lib, unda ehtiyoji mavjud maktablar bosqichma-bosqich zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlab kelinayotgani, fanlar kesimida vakant o‘rinlarga oliy ta’lim muassasalarining yuqori kurs talabalarini jalb qilish choralari ko‘rilayotgani bildirilgan.