Bugungi parlament quyi palatasi majlisida O‘zLiDeP fraksiyasining bir guruh a’zolari qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqqan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni soddalashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Gap shundaki, qonun tashabbuskorlari mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini xabardor qilish tartibiga o‘tkazish, tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish kabi takliflar bilan chiqqandi.
Ammo O‘zXDP fraksiyasi a’zolari so‘l pozitsiyasida turib pozitsiyasini bildirdi. Xususan, deputat Shokirjon Ahmedov kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olmasdan turib, shunchaki xabardor qilish bilan xodimni ishdan bo‘shatish mumkinligi haqidagi me’yor fundamental mehnat huquqiga zid kelishini ta’kidladi.
Ovoz berish jarayonida loyihaga Xalq demokratlari to‘liq qarshi ovoz berdi. O‘zXDP fraksiyasi so‘l pozitsiyasida qat’iy qoldi.