Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining RASMIY BAYONOTI
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining RASMIY BAYONOTI

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston o‘zini suveren, demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat bilan bir qatorda ijtimoiy davlat, deb e’lon qildi. Inson huquqlari va erkinliklari, shu jumladan, ijtimoiy huquqlarni ta’minlash borasida mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etildi.

Partiyamiz ijtimoiy himoya tizimi kafolatlarining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishini tarixiy yutuq sifatida baholaydi.

Bu shubhasiz, Xalq demokratik partiyasining mamlakatda ijtimoiy adolat, tenglik va ijtimoiy birdamlik mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlat barpo etish maqsadlari bilan chambarchas muvofiq ekanligini e’tirof etadi.

So‘l qanot partiya sifatida faoliyatimiz davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, aholini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishda faol qatnashib kelmoqdamiz.

Qonunchilik palatasi faoliyatini chuqur tahlil qilish, uning ishini kuzatish va xolis baholash hamda elektorat fikrini inobatga olgan holda partiya o‘tgan davrdagi faoliyati natijalari, saylovoldi platformasi va hukumat dasturi yo‘nalishlari tahlili asosida o‘z siyosiy pozitsiyasini shakllantirdi.

O‘ng partiyalar o‘z dasturiy maqsad va vazifalarining yaqinligidan kelib chiqqan holda parlamentdagi ko‘pchilik – “Taraqqiyot bloki”ni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Biz mazkur blokning tuzilishiga e’tiroz bildirmagan holda uning ustuvor vazifalari, shuningdek, hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shila olmaymiz.

Xususan:

– iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga e’tiborning kamligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;

– raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga o‘tish zaruriyatining mavjudligi;

– kommunal to‘lovlari (gaz, elektr va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashning istiqbolga mo‘ljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;

– ulushdorlik asosida uy-joy qurish bo‘yicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzga qadar yaratilmaganligi;

– aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (ko‘p mablag‘ topgan, ko‘p to‘lashi lozim tamoyilini qo‘llash kerak), shu jumladan, qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat solig‘i) joriy etilmaganligi;

– farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan, dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi kabi bir qator masalalar partiyamiz elektorati manfaatlariga zid, deb hisoblaymiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida boshqa so‘l partiyalar, sotsial-demokratiya g‘oyalari tarafdorlari bilan birgalikda tashabbus qilingan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.

Mazkur qonun o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishni kafolatlaydi.

Qonunchilikka muvofiq hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

Shu bois, partiyamiz elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni davom ettirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb e’lon qiladi.

Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaymiz:

– qonun loyihalari va parlament muhokamasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z saylovoldi dasturimiz maqsadlaridan kelib chiqqan holda qat’iy siyosiy pozitsiyamizni bildirib borish;

– hukumat va parlamentdagi ko‘pchilikning taklif hamda tashabbuslarini tanqidiy ko‘rib borish, ular yuzasidan o‘z munosabatlarimizni bildirib borish;

– hukumat va parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha zarur deb ko‘rilgan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritib borish;

– iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha hukumat harakat dasturi ijrosini tanqidiy baholash va o‘z nuqtai nazarimizni bildirish;

– parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanish, shu jumladan, qabul qilingan qonunlarning hukumat tomonidan so‘zsiz ijro etilishi, qonun loyihalarining parlamentga o‘z vaqtida va sifatli kiritilishi, qonunlar ijrosi uchun zarur bo‘lgan qonun osti hujjatlarining o‘z vaqtida qabul qilinishini ta’minlash ustidan ta’sirchan nazorat olib borish.

Biz, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini yuzaga chiqarish orqali O‘zbekiston ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirishda saylovchilarimiz manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yamiz va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni bundan buyon ham safarbar qilishda davom etamiz.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Bugun sotsial-demokratiya g‘oyalari tarafdorlari bo‘lgan so‘l partiyalarning birgalikdagi tashabbuslari bilan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi.

Mazkur qonun o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishni kafolatlaydi. Xususan, qonunga asosan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari soni 3 tadan 6 taga oshdi.

Shu bois partiyamiz elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni davom ettirish uchun Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb e’lon qildi.

Kuni kecha ikki o‘ng partiyaning “Taraqqiyot bloki”ga birlashishi parlamentdagi mavjud kuchlar muvozanatini buzgan edi. Blok tomonidan e’lon qilingan dasturiy ustuvorliklar, maqsad va vazifalar biz sotsial-demokratiya g‘oyalarini ilgari suruvchi partiyaning dasturiy maqsadlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Biz, parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida qonun loyihalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, muqobil takliflar kiritish va hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish kabi yangi vakolatlarga ega bo‘ldik.

Bu bizga mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholimiz farovonligini ta’minlash borasidagi dasturiy maqsadlarimizni yanada kengroq ifoda etishga zamin yaratadi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Partiyamiz mamlakatda ijtimoiy adolat, tenglik va ijtimoiy birdamlik mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlat barpo etishni o‘z bosh maqsadi, deb biladi.

Yaqinda O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” DP tomonidan “Taraqqiyot bloki” tuzildi.

Biz bu blok va hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaymiz.

Biz partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalari, siyosiy qarashlari hamda sotsial-demokratiya g‘oyalaridan kelib chiqib, “Taraqqiyot bloki” va hukumat dasturidagi bir qator masalalarni partiyamiz elektorati manfaatlariga zid, deb hisoblaymiz.

Xususan, farmatsevtika sohasida davlat nazoratining sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shuningdek, dori vositalari reklamasining taqiqlanmaganligi partiyamiz elektorati manfaatlarini to‘liq ifoda etmaydi.

Biz bu masalada parlamentdagi ko‘pchilik va hukumat kerakli choralarni ko‘rishi zarur, deb hisoblaymiz. Bu masalani hal qilishda kelgusida qonunchilikda berilgan huquqlar va parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanishni maqsad qilganmiz.

 

Anvarjon NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Dunyo parlamentlarida keyingi vaqtlarda bir tendensiya yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘ng va so‘l partiyalar o‘rtasidagi g‘oya va takliflar kurashi keskinlashmoqda.

Parlamentimizda ham deputatlar, partiyalar fraksiyalari o‘rtasidagi bahs-munozaralar, fikrlar xilma-xilligi va turli qarashlar to‘qnashuvi tobora faollashib bormoqda.

Xususan, blokning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha hukumat dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish kabi keskin liberallashtirish siyosati bizning dasturiy maqsadlarimizga to‘g‘ri kelmaydi.

Biz so‘l qanot partiya sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, aholini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni lozim, deb hisoblaymiz.

Xususan, pensiya tizimini zamon bilan hamnafas isloh qilish, kommunal to‘lovlari masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash va ularning mablag‘larini himoya qilish oldimizda turgan dolzarb vazifalardir.

Biz ushbu masalalarda hukumat harakat dasturi ijrosini tanqidiy baholaymiz va o‘z nuqtai nazarimizni, albatta bildirib boramiz, qonunchilikda berilgan huquqlardan foydalangan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishni maqsad qilganmiz.

 

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Xalq demokratik partiyasi so‘l partiya sifatida har bir qonun loyihasini ijtimoiy himoya, huquqlar va imkoniyatlar tengligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqib, o‘z takliflarini bildirib kelmoqda.

Afsuski, bizning pozitsiyamizni boshqa o‘ng partiyalar fraksiyalari doim ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Yaqinda o‘tkazilgan tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, 8 ta qonun loyihasi bo‘yicha kiritgan 20 dan ortiq taklifimiz yetarli e’tiborga olinmagan. Shuningdek, qonun loyihalari yuzasidan ko‘targan muhim savollarimiz ham javobsiz qolib kelmoqda.

Bugun qabul qilingan, parlamentdagi muxolif fraksiyalarga qo‘shimcha huquqlar beruvchi qonun loyihasi aynan shu masalalarni hal etishga yordam beradi. Endilikda fraksiyamiz parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida qonun loyihasining ikkinchi o‘qishigacha muqobil tahririni kiritish huquqiga ega ham bo‘ladi. Bu huquq elektoratimiz manfaatlarini to‘laqonli ifoda etish imkonini beradi.

Bizning blok va hukumat dasturiga qarama-qarshi pozitsiyada turishimiz parlamentda sog‘lom siyosiy raqobat, bahs-munozara, fikrlar xilma-xilligi va turli qarashlar to‘qnashuvini yuzaga keltiradi. Bu esa qonun ijodkorligi sifatini oshirishga, puxta va xalq manfaatlariga mos qarorlar qabul qilinishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

 

«O‘zbekiston ovozi», 14.5.2025, №19

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish