Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroning munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan. Ayniqsa, «Inson qadri uchun» tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga har tomonlama ko‘mak berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Ana shu maqsadlarga hamohang ravishda, «Ijtimoiy birdamlik – mehr va g‘amxo‘rlik mezoni!» shiori ostida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar va Yakkasaroy tuman kengashlari tashabbusi bilan amaliy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida davolanayotgan bolalar oilalari, shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi «Bog‘saroy» mahallasi hamda Mirobod tumanidagi «Istiqlolobod» mahallasidan bo‘lgan ehtiyojmand oilalar uchun bayramona dasturxon yozildi. Ularga mehr va e’tibor ko‘rsatildi, bolalar uchun esa esdalik sovg‘alar ulashildi.
Tadbirda 80 ta kam ta’minlangan oila va ularning farzandlari ishtirok etdi. Ular uchun ko‘tarinki kayfiyatda, milliy qadriyatlarimizga uyg‘un holda bayram muhiti yaratildi. Shuningdek, 10 nafar bolalarning xatna to‘yi beg‘araz xayriya asosida, quvonchli tarzda tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlisi Senati a’zosi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi, partiya deputati Rustam Abduxakimovich hamda Toshkent shahar Kengashi deputatlari Zulfiya Mo‘minova va Muxtor Ilhomovlar ishtirok etdi. Ular ishtirokchilarga samimiy tabriklar yo‘llab, bolalar kelajagi uchun ezgu tilaklar bildirishdi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat moddiy yordam ko‘rsatish, balki jamiyatda insonparvarlik, hamjihatlik, mehr-shafqat va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.