Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Hamkorlik memorandumi ijrosini ta’minlashda amaliy muloqot, taklif va tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Deputatlar dastlab ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishib, ular tomonidan olib borilayotgan ishlar, innovatsion loyihalar va ilmiy izlanishlarni ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, institut rahbariyati va ilmiy xodimlari bilan sohadagi mavjud muammolar va takliflarni muhokama qilishdi.
Davra suhbatida keyingi yillarda agrar sohada olib borilayotgan islohotlar, mamalakatimizda yaratilgan imkoniyatlar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘payib, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori va sifati oshayotgani qayd etildi.
Deputatlar qonun ijodkorligi va nazorat tahlil tadbirlarida ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikning ahamiyati va dolzarbligiga to‘xtalib, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan har bir sohada ilmiy yondashuvlarni kengaytirish masalalari ilgari surilgani, ilmni taraqqiyotning asosi, hayotimiz va kelajagimizning hal qiluvchi omillari sifatida baholaganini e’tirof etishdi.
Tadbirda mutaxassislar agrar va suv xo‘jaligi o‘zining tabiiy resurslarga bog‘liqligi, iqlim o‘zgarishlari, global oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bilan murakkablik kasb etishini ta’kidlab, sohada qonuniy asoslarni yangilash, resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish jarayonida ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtiroki to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Davra suhbatida so‘z olganlar qishloq xo‘jaligining bir qismi bo‘lgan paxtachilikni rivojlantirish, uning serhosil navlarini ko‘paytirish va daromadini yuqori qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berishdi. Mutaxassislar tomonidan sohani rivojlantirish yuzasidan qonunchilikka qator takliflar berildi.
Yakunda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan doimiy va tizimli hamkorlikni olib borish bo‘yicha rejalar muhokama etilib, galdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.