
Keyingi yillarda bolalarga ta’lim va tarbiya berish samaradorligini oshirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish, ularda sog‘lom ovqatlanish tartibini joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan tizimli islohotlarga qaramasdan deputatlarning hududlarda saylovchilar bilan uchrashuvlari va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bog‘chalarda oziq-ovqatlar sifati pastligi, davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar talon-taroj qilinayotganligi, sohaga mas’ul bo‘lgan davlat tashkilotlari yetarli ravishda ishlar olib bormayotganligi haqida e’tirozlar bildirilmoqda.
Shu sababli Qonunchilik palatasi deputatimiz I.Tokareva Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sh. Karimovga deputat so‘rovi yubordi.
So‘rovda 4 ta masala yuzasidan tushuntirish so‘ralgan. Jumladan:
- Vazirlik tizimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlanish tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani;
- "Yagona mavsumiy taomnoma"ni joriy etish hamda oziq-ovqat xarajatlarining (natura ko‘rinishida) hisobini "Bolalar bog‘chasi" maktabgacha ta’limini boshqarish axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani;
- Autsorserlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha ota-onalar tomonidan taklif va shikoyatlarni kiritib borish hamda ushbu jarayon ustidan jamoatchilik nazoratini o‘tkazish bo‘yicha samarali axborot tizimi joriy qilinganligi;
- Vazirlik tomonidan kelgusida maktabgacha ta’lim tashkilotlari oziq-ovqatlar sifatini pastligi davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘larni talon-taroj qilinishini oldini olishda qanday qo‘shimcha chora-tadbir belgilanganligi masalalarida asoslantirilgan tushuntirish berilishi so‘ralgan.