
Mustaqillik – beqiyos ne’mat, u xalqimizning nafaqat davlatchilik timsoli sifatida, balki milliy o‘zligini, ma’naviyatini, qadriyatlarini tiklash va yangi bosqichga olib chiqishda katta ahamiyatga egadir.
34 yilda mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh etishga qaratilgan davlat siyosati faqat zamonaviy talablarga javob berish bilan cheklanib qolmadi, balki xalqimizning asriy orzulari, ma’naviy ehtiyojlari va milliy ruhiyati bilan ham chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Bugun ta’lim sohasi faqatgina bir yo‘nalish emas, balki jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoniga aylanmoqda.
Hozirgi kunda olib borilayotgan islohotlar, xususan, yosh avlodda intellektual salohiyat, milliy o‘zlik, tarixiy xotira va zamonaviy bilimlarga intilishni rag‘batlantirish – yangi davr talabi sifatida hayotga joriy etilmoqda.
Ayniqsa, qamrov darajasidagi o‘sish raqamlari o‘ziga xos taraqqiyot salohiyatini aks ettiradi. Maktabgacha ta’lim qamrovi so‘nggi yetti yil ichida 27 foizdan 77 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Bu raqamlar ortida – yuz minglab farzandlarimizning ma’rifatga, teng imkoniyatlarga, zamonaviy bilimga erishish yo‘lidagi orzu-umidlari mujassam.
Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari kabi yangi avlod ta’lim muassasalari tizimi yaratildi. Ushbu muassasalardagi ta’lim nafaqat yuqori saviyadagi bilim berishni, balki yoshlarning har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishini ta’minlamoqda.
Zamonaviy fan, axborot texnologiyalari, innovatsiyalar, chet tillari, tadbirkorlik sohalarida bilim olayotgan yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib, yurtimiz sharafini yuksakka olib chiqmoqda. Bu esa ta’lim islohotlarining uzviy natijasidir.
Haqiqatan ham, bugun ta’limga berilayotgan keng e’tibor – bu sohaga qilingan sarmoya emas, balki kelajak avlodga, Yangi O‘zbekistonning poydevoriga qo‘yilayotgan ishonch va mas’uliyatdir.
Mustaqillikning 34 yilligi arafasida yurtimizda ilm va ma’rifat bilan barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi barchamizdan yanada mas’uliyat, fidoyilik va hamjihatlikni talab qilmoqda.
Chunki bizning eng katta boyligimiz ham, eng ustuvor sarmoyamiz ham – bu bilimli, tashabbuskor, fidokor, yurtini sevuvchi yoshlar. Ular ta’lim maskanlarida tarbiya olmoqda va kelajakning haqiqiy egalariga aylanmoqda.
Shuning uchun ham, Yangi O‘zbekiston poydevori – ilm, ma’rifat va yoshlardir. Bu yo‘lda olg‘a intilish, o‘zligini anglagan, bilimli, tashabbuskor va yurtiga sadoqatli yoshlarni tarbiyalash — eng ustuvor maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Malika RASHIDOVA,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri.
«O‘zbekiston ovozi», 6.8.2025, №31