Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining bugungi yig‘ilishida joriy yilning birinchi yarmida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari ijrosi holati, shuningdek, qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda dastlab Davlat budjeti ijrosiga doir hisobot atroflicha ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov masala yuzasidan umumiy axborotlarni taqdim etdi.
Qayd etilganidek, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln. so‘mni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan. Davlat fuqarolar oldidagi barcha ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq amalga oshirgan. Xususan, oyliklar, nafaqalar, stipendiyalar o‘z vaqtida va to‘liqligicha moliyalashtirilgan.
Deputatlar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi ortgani, aholining ijtimoiy himoyasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilmani takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etishdi.
Fraksiyamiz a’zolari Davlat budjeti ijrosidagi yuqori natijalarni e’tirof etgan holda, ayrim muammoli masalalarni atroflicha muhokama qilishdi.
Xususan, investitsiya dasturlariga kirgan loyihalar, ayniqsa, ta’lim, tibbiy xizmatlar bilan bog‘liq loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi sabablari tahlil qilindi.
Jamoat transporti sohasi haligacha o‘zini-o‘zi qoplash darajasiga chiqmayotgani, shuning uchun Davlat budjetidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida tanqidiy muhokama yuritildi. Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, jamoat transportida tariflarning qayta ko‘rib chiqilmaganligi, temir yo‘l infratuzilmasining hozirgi faol talablarga yetarlicha javob bermayotgani, sohada raqobat muhitining rivojlanishi qiyin kechayotgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. Deputatlar jamoat transporti tizimini xalqimizning harakatlanish faolligi va ehtiyojlariga muvofiq ravishda tizimli isloh qilish bo‘yicha strategik yondashuv zarurligini bildirishdi.
Yig‘ilishda O‘zXDP elektorati va dasturiy maqsadlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bandlik va ish o‘rinlari yaratilishi masalasiga, statistik ma’lumotlar va real holatning muvofiqligiga alohida e’tibor berildi. Deputatlar hukumat hisobotida bu borada keltirilgan raqamlarning qanchalik asoslanganligi, ayrim o‘rinlarda vazirlik-idoralardagi ma’lumotlarda o‘zaro jiddiy tafovut borligi, ularning qay darajada haqqoniyligi haqidagi masalani ko‘tardi.
Mutasaddi vazirlik-idoralar fraksiyamiz a’zolari ko‘targan bu yo‘nalishdagi savollar bo‘yicha qo‘shimcha tahliliy materiallarni taqdim etishlarini ma’lum qilishdi.
Deputatlar Davlat budjeti ijrosining samaradorligini yanada oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish hamda budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida muhokama qilingan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, farzandlarga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar, shuningdek, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlaridan foydalanilganda, har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliqdan ozod qilinishi kutilmoqda.
Deputat Irina Tokarevaning fikriga ko‘ra, mazkur sohada faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun imtiyozlar berish Xalq demokratik partiyasi elektorati uchun dolzarb masala.
Yig‘ilishda Davlat budjeti ijrosi haqidagi hisobot qo‘llab-quvvatlandi, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash qonun ijodkorligida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerakligi qayd etildi.