
Joriy yilning 1-oktabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi haqidagi xabar jamoatchilikning keng muhokamalariga, turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hozir 130 ming nafarga yaqin yoshlar kuryerlik xizmati bilan band. Bu faqat velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolardir.
Kambag‘allikni qisqartirish, bitta barqaror ish o‘rni yaratish uchun ko‘plab choralar ko‘rilayotgan hozirgi muhim davrda o‘zini o‘zi band qilgan, xalqimizga xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizdan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotgan vaqt, albatta, qisqa hisoblanadi. To‘g‘ri, bu borada hukumat tomonidan muddatlar uzaytirilgan, biroq talabgorlarning juda ham ko‘p bo‘lgan miqdorini inobatga olib, bu davrda hujjat talab qilish maqsadga muvofiqligini yana bir bor o‘ylab ko‘rish lozim. Boisi, mazkur sohada xizmat qilayotgan ko‘plab fuqarolar boqimandalik kayfiyatiga berilmasdan, kimdandir yordam kutmasdan, daromad topishga, moliyaviy muammolarini o‘zi hal qilishga intilmoqda.
Joriy etilishi kutilayotgan tartibga ko‘ra, bir kunda yuz minglab yoshlar daromad manbaisiz, ishsiz qolishi mumkinligi haqida o‘ylasak, masalaning qanchalik chuqur va keng ekani ravshanroq bo‘ladi.
O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli kurashayotgan, o‘zini o‘zi band qilganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Shunday davrda asl maqsadi oilasiga, jamiyatga xizmat qilish bo‘lgan hamyurtlarimizni murakkab vaziyatga tushirishdan yiroq bo‘lish hamda ularga imkon qadar yengillik yaratish, muammoni hal qilishning innovatsion, odamlarga qiyinchilik tug‘dirmaydigan yo‘llari haqida o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq.
Shu bois, joriy yilning 1-oktabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi muddatini keyingi yilga qoldirgan holda, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va to‘lovlar miqdorini qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblaymiz.
Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati juda yuqori bo‘lgan masala bo‘yicha davlatimiz siyosatiga munosib yechim topilishini so‘raymiz va bu borada tegishli tartibda deputatlik so‘rovini kiritamiz.