
Konstitutsiyamizning 57-moddasiga ko‘ra, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.
Darhaqiqat, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab quvvatlash juda muhim va ijtimoiy mas’uliyatdir.
Afsuski, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlash, ta’lim darajasini oshirish va jamiyat hayotida ishtirok etish imkoniyatidan hali hanuz to‘laqonli foydalana olmayotgan holatlar bor. Demak, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi mas’uliyat ham shunga mos bo‘lishi zarur.
Xalq deputatlari Namangan tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zolari tumanda nogironligi bor shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish, ularga to‘siqsiz muhit yaratish, jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi. Dastlab partiya guruhida muhokama qilingan masala sessiyaga kiritildi va o‘rganish natijalari yuzasidan partiya guruhi a’zosi Gulhayo Otamirzayeva axborot berdi.
Gulhayo OTAMIRZAYEVA,
Namangan tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:
— Partiyamiz dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, to‘laqonli hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar hamda to‘siqsiz muhit yaratishga oid g‘oyalar ilgari surilgan. Bu boradagi vazifalar ijrosini nazorat qilish esa deputatlar hamda partiya faollariga katta mas’uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, tizimli tahliliy o‘rganishlar o‘tkazyapmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabr holatiga tumanda nogironligi bo‘lgan shaxslar 4458 nafarni tashkil etadi, ularning 1969 nafari ayollar, 2489 nafari erkaklardan iborat. 2024-yil va 2025-yilning 8 oyi davomida 690 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiyaning texnik vositalari hamda 160 nafari protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlangan.
“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablaridan kelib chiqib, 2025-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiralangan ish o‘rinlari 66 tani tashkil etadi. Biroq joriy yilning 1-sentabr holatiga 2 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlangan va bu belgilangan rejaning 3 foizini tashkil etmoqda. Vaholanki, bu ish o‘rinlari ortida fuqarolarning huquqlari turibdi. Agar ular ish bilan ta’minlansa, o‘ziga va oilasigagina emas, jamiyatga ham birdek manfaatli bo‘ladi. Nogironlar jamiyati tuman bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 217 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlash istagini bildirgan. Ularning bandligini ta’minlash ayni paytda dolzarb masala bo‘lib turibdi.
Umidjon SOLIEV,
O‘zXDP Namangan tuman kengashi raisi,
xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Bugun nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Muhimi, to‘siqsiz muhit tushunchasi bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. Ayni paytda ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, ta’limning barcha bosqichlariga qamrab olish borasida ham salmoqli ilgarilash kuzatilmoqda. Ammo bu muammolarga barham berildi degani emas.
Jamiyatdagi qarashlarning o‘zgarishi bevosita nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘ziga ham bog‘liqdir. Hayotini o‘zgartirish, o‘z ustida ishlash, mehnat qilish istagiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun esa imkoniyat va imtiyozlar yetarli, nazarimda.
Misol uchun, “Past qiyot” mahallasida yashovchi Dilnavoz Boqijonova sumkalar va boshqa aksessuarlar tayyorlab, bozorga taqdim etmoqda. “Xonobod” mahallasida yashovchi Xurshida Egamberdiyeva esa qoldiq matolardan turli gullar va ro‘zg‘or buyumlari yasayotganini ko‘rdik. Deputatlar va mutasaddilar bu kabi faoliyat turlarini rivojlantirish va mahsulotlarni sotishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishimiz kerak, deb hisoblayman.
Jumladan, qo‘l mehnati asosida mahsulotni doimiy xaridorlarga yo‘naltirish mumkin. Natijada fuqaroning daromadi oshadi. Ish hajmining ortishi esa yangi qo‘llarga ehtiyoj bor degani. Shu nuqtada ustoz-shogird an’analari asosida ishsiz yoshlarni jalb etish hamda bandligini ta’minlash chorasi asqatadi. Namunali hunarmandlarga mahalliy hokimiyat bilan kelishgan holda qo‘shimcha imtiyozlar yoki rag‘batlar ham ko‘rsatish mumkin. Bu mehnatga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda Nogironlar jamiyatining moddiy-texnika bazasi, yaratilgan sharoitlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. O‘rganish jarayonida jamiyat o‘z faoliyatini samarali yuritishi uchun xona va jihozlar yetishmovchiligi aniqlandi.
Shuningdek, Toshbuloq shaharchasidagi 22 ta ijtimoiy obyektdagi panduslarning shaharsozlik me’yorlari qoidalariga muvofiqlik holati o‘rganilganda ayrimlari belgilangan talabga javob bermasligi, 4 ta tashkilot binosida umuman pandus yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Misol uchun, tuman DSENM binosida, irrigatsiya bo‘limida, 30-sonli dorixona binosida, pochta aloqa bo‘linmasi, kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiyot bo‘limi va soliq inspeksiyasi binolarida panduslar nishabligi belgilangan me’yordan baland qiyalikda qurilgan.
Bundan tashqari, “Qoratepa” va “Tepaqo‘rg‘on” MFylar, Toshbuloq shaharchasi hududidagi 12 ta bekatning 11 tasida pandus mavjud emas. Ayrim bekatlar tadbirkorlar tomonidan turli mahsulotlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, yo‘lovchi uchun sharoit qoldirilmagan. Har bir bekatga hech bo‘lmaganda yig‘ma panduslar o‘rnatishni tavsiya qildik.
Sessiyada partiya guruhi tomonidan o‘rganilgan masalalarga oid taklif va tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi va masalaga aloqador tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 1.10.2025, №39