Partiyamiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyiga nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun madaniy sayohat tashkil etildi.
Loyihaning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash, ularni ijtimoiy hayotga integratsiya qilish hamda munosib va teng huquqli shart-sharoit yaratishdan iborat.
Muloqotda so‘zga chiqqanlar partiya tashabbuslari haqida to‘xtalib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat ularning hayot sifatini oshirish, balki jamiyatda teng huquqli muhitni shakllantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Sayohat davomida ishtirokchilarga “I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi tarixi”ga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Film orqali ular muzey faoliyati tarixi va mamlakat madaniy hayotidagi o‘rni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, ishtirokchilar “Savitskiy dunyosi” nomli ko‘rgazma bilan tanishdilar. Ko‘rgazmada namoyish etilgan eksponatlar va badiiy asarlar ishtirokchilar uchun estetik zavq hamda ma’naviy ruhlanish manbai bo‘ldi.
Bunday ijtimoiy loyihalar jamiyatda insonparvarlik, mehr-oqibat va birdamlik g‘oyalarini mustahkamlash, shu bilan birga fuqarolarning madaniy hayotda teng ishtirok etish huquqini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.