Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining 34 yilligi munosabati bilan partiyaning Toshkent shahar kengashi tashabbusi asosida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida doimiy foydalanishda boʻladigan partiyamiz maxsus xonasi ochildi.
Xonaning ochilishida Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, partiya Markaziy Kengashi mas’ullari va faol yoshlar ishtirok etdi.
Maxsus xonaning ochilishi nafaqat partiya tarixini yodga solish, balki yurtimiz siyosiy hayotida yoshlarni faol ishtirok etishini ta'minlashda muhim omil hisoblanadi. Bu orqali yoshlar mustaqil fikrlash, tanqidiy va strategik tafakkur koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Bu markaz orqali universitet talabalari partiyaning dasturiy maqsadlari, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va demokratik institutlarning rivojlanishi haqida amaliy bilimga ega boʻladi. Universitetning ilmiy muhiti va partiyaning siyosiy faoliyatini uygʻunlashtirish orqali talabalar amaliyot va nazariyani birlashtirib, zamonaviy davlat va jamiyatning murakkab jarayonlarini teran anglaydi.
Shu tarzda, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ochilgan maxsus xona nafaqat partiyaning 34 yillik tarixini yodga soladi, balki yoshlar uchun siyosiy bilim, demokratik qadriyatlar va jamoatchilik faolligini rivojlantiruvchi markaz sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
 
             
                             
                            