O‘zbekiston Prezidentining parlamentga va xalqimizga Murojaatnomasida Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bir qator vazifalar belgilangan.
Murojaatnoma nafaqat kelgusi yil uchun harakatlar dasturi, balki Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan ijtimoiy davlat modelining aniq konseptual ifodasi sifatida ham ahamiyatlidir. Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi mamlakatimizning barcha hududlarida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini izchil yo‘lga qo‘yib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab olmoqda.
Toshkent shahar partiya kengashida o‘tkazilgan tahliliy-tanqidiy yig‘ilishda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faoliyati atroflicha muhokama etildi.
O‘rganishlarda aniqlanishicha, Toshkent shahar Kengashi partiya guruhidagi 9 nafar deputat yil davomida 13 ta deputat so‘rovi yuborib, undan hozirgacha 7 tasi ijobiy yechim topgan. Tuman Kengashlaridagi 47 nafar deputat 91 ta so‘rov yuborgan bo‘lsa, hozirgacha ularning 38 tasi ijobiy hal etilgan. Bu raqamlar poytaxt hududida elektorat manfaatlarini samarali himoya qilish, partiya pozitsiyasini faol namoyon etish imkonini bermasligi, saylovchilarni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topishda qat’iyat ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ayrim tuman kengashlarida a’zolar bilan ishlash, targ‘ibot tadbirlarini keng qamrovda o‘tkazish yo‘nalishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani manzilli tahlil qilindi. Poytaxtimiz tuman Kengashlaridagi ayrim partiya guruhlari sessiyaga masalalar olib chiqib, amaliy natijaga erisha olmayotgani qayd etildi. Ayrim deputatlar esa so‘rov yuborib, murojaatlarni tizimli hal qilish masalasiga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Murojaatnomada, ayniqsa, ijtimoiy yo‘nalishda ilgari surilgan g‘oya va vazifalarni ro‘yobga chiqarish partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalaridan yuqori mas’uliyat talab qiladi.
Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot pozitsiyada ekanidan kelib chiqib, Murojaatnomada keltirilgan ijtimoiy masalalar, bandlik, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallalarda ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlari sessiyalari muhokamasiga partiya elektoratini o‘ylantirayotgan masalalarni olib chiqish, ularni hal qilish bo‘yicha ijro hokimiyatining mas’uliyatini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, partiyaning siyosiy pozitsiyasini, elektorat manfaatlarini qat’iy himoya qilish bo‘yicha rejalar ilgari surildi.
Murojaatnomada belgilangan ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining muhim o‘rni bo‘lishi kerakligi qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijroga yo‘naltirildi.