Deputatlik va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

 

O‘zbekiston Prezidentining parlamentga va xalqimizga Murojaatnomasida Xalq demokratik partiyasi ustuvor dasturiy maqsadlaridan biri bo‘lgan ijtimoiy davlat modelining kelgusi yil uchun harakatlar dasturi aniq belgilangan.

Shu sababdan Xalq demokratik partiyasi mamlakatimizning barcha hududlarida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini izchil yo‘lga qo‘yib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab, ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan o‘quv-seminarlar tashkil etmoqda.

Jumladan, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda vakillik organlarining roli” mavzusida siyosiy seminar o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida partiyaning 11 nafar deputati faoliyat yuritmoqda. Ular o‘tgan 2025 yil davomida aholidan kelib tushgan muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha jami 86 ta deputatlik so‘rovi yuborgan bo‘lib, shundan 86 tasiga ham ijobiy yechim topishgan. Tuman va shahar Kengashlarida partiyaning 82 nafar deputati bo‘lib, ular o‘tgan yil mobaynida yuborgan 663 ta deputat so‘rovlaridan 608 tasiga samarali hal etilgan.

Bundan tashqari, partiyaning jamoatchilik qabulxonalariga kelib tushgan 1473 ta murojaatlarning qariyb 90 foizi o‘z yechimini topgan. Tahlillar hududdagi deputatlik guruhlarining faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilganini, aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar o‘z yechimini topayotganini ko‘rsatmoqda. Ammo deputatlar guruhlari ijtimoiy sohaga mas’ul idora-tashkilotlar mutasaddilarining hisobotlarini eshitish, shu orqali ta’sirchan choralar belgilash yo‘nalishida tashabbuskorlikni oshirishi zarurligi qayd etildi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada belgilangan deputat so‘rovlarining ijrosi har chorakda tahlil qilinib borilishi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Seminarda xalq vakillarining amaliy faoliyatini yanada izchil va samarali tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilganlarga ko‘pni ko‘rgan, ulkan tajribaga ega partiyaning fidoyi mas’ullari o‘z uzoq yillik tajribalaridan kelib chiqib zarur taklif va tavsiyalarini bildirishdi.

Yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari so‘l g‘oyalarga asoslangani uchun Murojaatnomada belgilangan kambag‘allikni qisqartirish, bandlik, ta’lim va tibbiy xizmat sifatini oshirish kabi vazifalar ijrosida partiya tashkilotlari, asosiysi, deputatlik birlashmalari faoliyatining natijadorligi hamda ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha vazifalar haqida fikr almashildi.

Har bir deputat fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va ijobiy hal etishi, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga, odamlarning hayot sifatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlarning yanada samarador bo‘lishi uchun doimiy ravishda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirib borishi lozimligi ta’kidlandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish