O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlar va amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlari nuqtai nazaridan izchil tahlil qilib bormoqda.
Dastlab muhokama qilingan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Loyihaga ko‘ra, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilmoqda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lashni amalga oshirish tartibi va shartlari belgilanmoqda.
Zokirjon Zohidovga ko‘ra, vakolatli idoralardan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini ta’minlash, fuqarolar uchun ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish muhim. Chunki uy-joyga bo‘lgan huquq imtiyoz emas, balki Konstitutsiya bilan kafolatlangan asosiy huquqdir.
Deputat I.Narizovaga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish masalasi hanuzgacha fuqarolar uchun og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda. Amaldagi tartib-taomillar murakkabligi, hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining cho‘zilishi hamda turli idoralar o‘rtasidagi anglashilmovchiliklar fuqarolarning qonuniy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda.
Navbatdagi muhokama qilingan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi davlat hisobidan ko‘rsatilishi hamda malakali tibbiy xizmatga bo‘lgan huquqni ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Deputat Q.Qosimovaning ta’kidlashicha, aholi uchun kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi qonun darajasida belgilangan bo‘lsa-da, amalda ulardan foydalanish imkoniyatlari barcha hududlarda bir xil emas. Ayniqsa, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar sifatining pastligi, mutaxassislar yetishmasligi hamda qo‘shimcha to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar aholining qonuniy huquqlarini cheklamoqda.
Shuningdek, M.O‘razaliyevning fikricha, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartirishlar ularning huquqiy himoyasi, mehnat sharoitlari va munosib ish haqi masalalari bilan uzviy bog‘liq holda hal etilishi lozim. Aks holda, tizimni isloh qilish nomi bilan qo‘shimcha majburiyatlar yuklanib, sohada kadrlar oqimi kuchayishi xavfi saqlanib qoladi.