O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi so‘l g‘oyalarga tayangani uchun jamiyatda kuchli ijtimoiy himoya tizimi ustuvor bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Partiya dasturlarida kam daromadli, ehtiyojmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar hamda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarni manzilli rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu sababdan, yurtimiz ijtimoiy hayotida sodir bo‘layotgan voqeliklar, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi partiya faollari, deputat va mas’ullari tomonidan doimiy tahlil qilib boriladi.
Jumladan, Jizzax viloyatida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va to‘liqsiz oilalar xamda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar ajratilishi holati o‘rganildi.
O‘rganishlar nafaqat hududdagi real vaziyatni, balki, ayni sohaning butun respublika bo‘yicha umumiy kartinasini gavdalantirdi. Natijada uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya ajratish holatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan partiya guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, viloyatga 2025-yilda 1229 ta uy-joyni subsidiya asosida xarid qilish uchun Davlat budjetidan 105.1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan yil davomida fuqarolardan ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olish yuzasidan yagona portal orqali jami 22 443 ta ariza yuborilgan bo‘lib, shundan 2692 tasiga ijobiy xabarnoma berilgan.
Lekin 2025-yilda moliyalashtirishda cheklovlar kuzatilgan. Bu subsidiya ajratish va uy-joy bilan ta’minlash jarayoniga ta’sir ko‘rsatgan. Subsidiya ajratilgan fuqarolarning 40 foizi hozirgacha uy-joy ololmagan.
O‘rganish olib borgan ishchi guruh a’zolari subsidiya ajratilgan bo‘lishiga qaramay uy ololmagan fuqarolar bilan bog‘lanishdi. Ularning aksariyati mavjud uylar narxi ajratilgan puldan ancha yuqori ekanligini ta’kidlashib, belgilangan summani qayta ko‘rib chiqishni taklif qilishgan bo‘lsa, ayrimlari o‘zlari yashayotgan hududda subsidiya asosida olishga uy yo‘qligini aytishdi.
Partiya guruhi yig‘ilishida subsidiya ajratish tartibini soddalashtirish, tizimda shaffoflikni kuchaytirish va ijtimoiy adolatni ta’minlash lozimligi ta’kidlandi. Qolaversa, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va hududiy muammolarni hisobga olish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi respublikamizning barcha hududlarida ijtimoiy sohadagi islohotlarning samaradorligini o‘rganib, o‘z elektorati manfaati himoyasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda.