Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi parlament a’zolari va mahalliy Kengashlardagi deputatlari bilan birga gender tenglik va xotin-qizlar murojaatlarini samarali hal etish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazdi.
Xalq demokratik partiyasi dasturida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shuning uchun partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni ko‘proq hududlarda hal qilishga, ularning murojaatlariga yechim topishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Keyingi yillarda qabul qilinayotgan qaror va dasturlar xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Davra suhbatida ayollarga yaratilgan qulaylik va imkoniyatlardan qay darajada samarali foydalanilayotgani, idora-tashkilotlar va mahalliy hokimiyat idoralari mutasaddilarining xotin-qizlar manfaatlari bilan bog‘liq yo‘nalishlarda mas’uliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbatda ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga manzilli yordam ko‘rsatish, shuningdek, ta’lim va tadbirkorlik yo‘nalishlari bilan bog‘liq murojaatlarni hal qilish jarayoni misollar bilan ko‘rsatib berildi.
Real natijalar umumiy shiorlardan muhimroq ekani qayd etildi. Gender tengligining institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, ayollarning siyosiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ayollar uchun kvotalar joriy etish kabi masalalar partiya dasturidan o‘rin olgan.
Statistik raqamlarda ko‘rinayotgan gender tenglikdagi katta siljishlar partiya tashabbuslarining hayotiy ekanini ko‘rsatmoqda. Masalan, milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i 2024 yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 1 267 nafarga yetdi. Oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 895,6 ming nafarni (bakalavrda 53,9 foiz, magistraturada 66,1 foiz), oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida 5 831 nafarni (52 foiz) tashkil etmoqda.
Suhbat davomida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan milliy strategiyaning ahamiyati, uni amalga oshirish mexanizmlari hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, jamiyatda gender madaniyatni shakllantirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.