Amaldagi qonunchilikka ko‘ra deputatlar turli sohalarda faoliyat yurituvchi, tajribali, fidoyi, jamiyatda hurmat qozongan va obro‘-e’tiborga ega shaxslar orasidan saylanadi. Deputat nafaqat o‘z saylovchilarining, balki tegishli hududda yashovchi barcha fuqarolarning vakili hisoblanadi. Ularning huquq va manfaatlarini ifoda etadi, himoya qiladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mahalliy Kengashlar deputatlarining hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda, elektorat manfaatlarini samarali himoya qilishda, strategiya va dasturlarda belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishda to‘plagan ulkan tajribalarini almashish uchun har yili “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovini o‘tkazib keladi.
“Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovining bu yilgi respublika bosqichi “Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga intilamiz!” shiori ostida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar hamda viloyatlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar deputatlar ishtirok etdi.
Tanlovda deputatlar 3 ta shart asosida baholandi.
Birinchi shart “Aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li”, deb belgilandi. Mazkur shartda ishtirokchilar o‘zlarining hududlaridagi aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni qaysi samarali yo‘l bilan amalga oshirayotganini taqdimot orqali tushuntirib berishdi.
Tanlovning ikkinchi sharti “Siyosiy hozirjavoblik”, deb nomlandi. Unda ishtirokchilar bilan og‘zaki savol-javob o‘tkazildi. Bunda deputatlarning savollarga qisqa vaqtda aniq va tezkor javob berishi sinovdan o‘tkazildi.
Tanlovning uchinchi sharti “Muammoni hal qilish”, deb nomlanib, unda ishtirokchilarga aniq bir muammoli vaziyat berilib, deputatlarning oqilona yechim topishiga e’tibor qaratildi.
Hakamlar hay’ati har bir shart bo‘yicha ishtirokchilarni belgilangan mezonlar asosida baholab bordi.
Umumiy ballar natijasiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatidan deputat Azizbek Rahmonov eng yuqori ball to‘plab yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bahrom Hamroqulov (Jizzax) va Sanjar Sobirjonovlar (Toshkent shahri) 2-o‘rinni, Olim Baqoyev (Buxoro), Gulshanda Bobomurodova (Navoiy) va Obloberdi Olimovlar (Farg‘ona) faxrli 3-o‘rinni egallashdi.
Qolaversa, ko‘rik-tanlovning barcha bosqichida faol ishtirok etgan ishtirokchilar:
- “Eng shijoatli deputat”
- “Tashabbuskor deputat”
- “Eng mehnatkash deputat”
- “Yilning eng xalqparvar deputati”
- “Eng adolatli deputat”
- “Yilning eng yaxshi deputat ayoli”
- “Yangi qonunlarga faol taklif beruvchi deputat”
- “Partiya g‘oyalarini eng faol targ‘ib qiluvchi deputat” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandilar.
G‘oliblar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tanlovning yopilish marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu tanlov 1200 nafarga yaqin mahalliy Kengash deputatlarining o‘zaro amaliy tajriba almashishida, murojaatlarni hal qilish, partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, partiya guruhlari o‘rganishlari va muhokamalari orqali sessiyalarga samarali tashabbuslar bilan chiqish, deputat so‘rovi instituti imkoniyatlaridan elektorat manfaatlari himoyasida natijadorlikni ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.