O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari so‘l qanot mafkurasiga tayanadi. Shu sababdan partiya aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda ijtimoiy tenglik hukmron bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratadi.
Partiyamiz ijtimoiy xizmatlarning o‘z vaqtida va manzilli ko‘rsatilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazib, erishilayotgan natijalar, yuzaga kelayotgan masalalarni soha mas’ullari va ekspertlar ishtirokida tahlil qilib bormoqda.
Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy reyestr amaliyoti: muammolarga yechimlar va yangi yondashuvlar” mavzusidagi davra suhbati ham bunga yaqqol misol bo‘ldi.
Keltirilishicha, 2026-yil yanvar–may oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha kam daromadli oilalarni kambag‘allikdan chiqarish rejasiga muvofiq, 6 ming 627 ta oila qamrab olinishi belgilangan. Amalda esa belgilangan rejadan ancha yuqori natijaga erishilgan. Ya’ni, 13 ming 301 ta oila qamrab olingan. Bunda jami 15 ming 358 ta xizmat ko‘rsatilgan.
Deputatlar “Ijtimoiy reyestr” aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xizmatlarning o‘z vaqtida va manzilli bo‘lishida asosiy omil vazifasini bajarayotganini, ijtimoiy tenglik tamoyillari har bir oilaga kirib borayotganini ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, o‘rganishlarda tizimning yanada samarador va manzilli ishlashiga to‘siq bo‘layotgan ayrim jihatlar ko‘zga tashlangan. Jumladan, oilalarning tarkibini to‘g‘ri shakllantirishda hali ham muammolar borligi qayd etilgan. Xususan, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish yoki bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun fuqarolardan murojaat bo‘lganda vafot etgan oila a’zolari oila tarkibidan chiqarilmagani, doimiy yashash uchun chet elga chiqib ketgan va oila qurgan farzandlari oila tarkibiga qo‘shib shakllanishi holatlari uchrab turgani aytildi.
Bundan tashqari, subsidiya va ssuda ajratish ko‘rsatkichlari pastligi, kasb-hunarga o‘qitish qamrovini kengaytirishga zarurat borligi aniqlangan. Davra suhbatida bu kabi muammoli holatlarni bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar haqida o‘zaro fikr almashdi.
Partiya faollari “Ijtimoiy reyestr” tizimi partiya elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik chegarasida yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, davlat tomonidan kafolatlangan yordamlarning haqiqiy egasiga yetib borishida muhim ekanini ta’kidlashdi.
Deputatlar “Ijtimoiy reyestr” faoliyati yanada samarador bo‘lishi uchun joylarda doimiy o‘rganishlar olib borilishi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda jamoatchilik va deputatlik nazorati kuchaytirilishini ma’lum qilishdi.
Davra suhbati yakunida partiya faollari, deputatlar hamda mas’ul idoralar vakillari o‘zaro hamkorlikda ishlab, ijtimoiy himoya masalasida yanada samarali ishlashga kelishib olishdi.