Mehnat huquqlari va qadr-qimmat himoyasi yanada kuchaymoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda bir qator muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, Hukumat tomonidan kiritilgan “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini keng muhokama qilindi. Xususan, deputat F.Sharipov birinchi o‘qishda qabul qilingan mazkur qonun loyihasining “Faxriy maqomini bekor qilish va tugatish”ni nazarda tutuvchi 6-moddasining bugungi ikkinchi o‘qish mobaynida “Faxriy maqomini bekor qilish” deya qayta nomlanyotganiga izoh so‘radi.

Ushbu savolga javoban birinchi o‘qishda faxriylar toifalariga kiradigan shaxs vafot etsa yoki bedarak yo‘qolgan deb topilsa, uning faxriy maqomi tugatilishi ko‘zda tutilganligi bildirildi.

Loyiha yanada takomillashtirilib, endilikda faxriy maqomi tugatilmasligi, faqat ijtimoiy himoya qilish choralari to‘xtatilishi, masalan, faxriy vafot etgan taqdirda ham uning faxriy maqomi umrbod saqlanib qolinishi loyihada ilgari surilmoqda.

Yig‘ilishda yana bir qonunchilik taklifi – «Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Loyihada inson terisining rangi va siyosiy qarashlari sababli mehnat va mashg‘ulot sohasida biror-bir cheklov va imtiyozlar berilishi kamsitish, deb belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Shu nuqtai nazardan Mehnat kodeksiga «terisining rangi» va «siyosiy qarashlar»ni kamsitish belgilari qatoriga kiritish mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarning mantiqiy va izchil davomi hisoblanishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasiga qo‘shimcha kiritishga qaratilgan loyiha muhokamadan o‘tdi.

Amaliyotda ko‘chmas mulkka oid ijara huquqini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan ko‘chmas mulkka doir ijara huquqlar davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Lekin qonunchilikda ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda hujjatlarni ijaraga beruvchining yoki ijaraga oluvchining qaysi biri tomonidan topshirilishi aniqlashtirilmagan. Bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 681-moddasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat qilinmaganligi yuzasidan javobgarlik nazarda tutilgan. Shu tariqa qonunchilikda huquqiy bo‘shliq yuzaga kelib, mazkur huquqbuzarlik uchun kim javobgarlikka tortilishi noaniq bo‘lib qolgan.

Mazkur loyihada binolar va inshootlarning ijara shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati, agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, binoning yoki inshootning mulkdori yoxud uning vakolatli vakili zimmasiga yuklatilish ko‘zda tutilmoqda.

Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish