Xalq deputatlari Namangan tuman kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyamiz deputatlik guruhi tomonidan tumanda faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifati, bolalar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash, sog‘lom ovqatlanish holati hamda ta’lim muassasalaridagi qamrov darajasi muhokama qilindi.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi 34 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rganish olib borgan. O‘rganishlarda 22 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud emasligi va 7 ta mahallalarda qamrov 25% foizgacha ekanligi aniqlangan.
Bundan tashqari “Chorbog‘” mahallasidagi 1969 yilda qurilgan 31-sonli ta’lim tashkiloti ayrim muammolar ko‘zga tashlangan. Jumladan, ichki hojatxona umuman mavjud emas, xonalar zax tortib hidlangan holatda, kirxona va ko‘mirxonalar talab darajasida emas, yozgi ayvonchalar yo‘q, tarbiyalanuvchilar uchun stol stullar eskirgan, tarbiyalanuvchilar uchun xonalar yetishmaydi. Hozirda 70 o‘rinli binoda 100 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.
Shuningdek, “To‘sar” mahallasidagi 1964 yilda qurilgan 34-sonli ta’lim tashkilotida ham ichki hojatxona mavjud emas, xonalar zax tortib hidlangan holatda, bino eskirgan holatda. Idish yuvish, kirxona va ko‘mirxonalar talab darajasida emas, yozgi ayvonchalar yo‘q.
Muassasa 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da hozirda 95 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.
Ushbu ta’lim dargohlaridagi muammolar asosan binolarning eskirgani va moslashtirilgani bilan bog‘liq.
Shularni inobatga olgan holda deputatlik guruhimiz yuqoridagi 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini “Investitsiya dasturi”ga kiritish orqali yangidan qurish taklifini bildirdi.
Sessiyada o‘rganilgan masala yuzasidan deputatlik guruhi tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalari inobatga olinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.