Fuqarolar huquqlari va xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda suv xo‘jaligi obyektlari hamda gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni oshirish, sud ishini yuritishning barcha bosqichlaridagi odil sudlovni amalga oshirishda advokat himoya fikrining huquqiy asoslarini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi hamda mahsulotlarning yaroqlilik muddatiga amal qilmaganlik uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish maqsadida amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar, xususan, sud jarayonida himoyachi tomonidan sudga taqdim etiladigan himoya fikrining inobatga olinishi, uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi keng muhokama qilindi.

Xususan, deputat J.Achilov sudga qadar ish yuritish yakunlanganidan so‘ng himoya fikrini taqdim etish bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan mazkur norma loyihasini ishlab chiqishda xorijiy tajribalarning o‘rganilganligi, himoya fikrining qay holatlarda inobatga olinishi yoki rad etilishi kabi savollarga izoh so‘radi.

Shuningdek, fraksiya a’zosi D.Mamajonova tomonidan mazkur qonunchilik loyihasi bilan “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sudga qadar ish yuritish yakunlanganidan so‘ng himoya fikrini taqdim etish tergov xulosasiga ta’sir ko‘rsata olishi yoki ushbu normaning amalda qanday qo‘llanilishi batafsil ochiqlanmaganligi qayd etildi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha mas’ullar tomonidan savollarga atroflicha javob berildi. Yuqorida deputatlar bildirgan fikr-mulohazalar asosida loyihaning yanada takomillashtirilishi belgilanib, konseptual jihatdan ma’qullandi.

Yig‘ilish davomida muddati o‘tgan va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlarni realizatsiya qilish hamda sotishning oldini olishga qaratilgan qonunchilikni kuchaytirishga qaratilgan loyiha ham keng muhokamalar markazida bo‘ldi.

Jumladan, statistik tahlillarga ko‘ra, ayrim do‘konlarda inson salomatligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘yilayotgan salbiy holatlarning ortib borayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, hozirda mahsulotlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda sotishga nisbatan amalda qo‘llanilayotgan jarimalar miqdorining kamligi bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish uchun yetarli bo‘lmayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, deputat F.Sharipov tomonidan mazkur qonun loyihasi fuqarolarning ijtimoiy himoyasi va inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lib, nega qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganiga izoh so‘raldi.

Qonun tashabbuskorlari xalq vakillarining savollariga atroflicha javob berishdi. Loyihaning ayrim bandlari bo‘yicha alohida izohlar taqdim etildi.

Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish