Bugun anomal issiq nafaqat tabiat, balki inson sog‘lig‘i hamda mehnat faoliyati uchun jiddiy sinovga aylanmoqda. Jahon meteorologiya tashkiloti tahlillariga ko‘ra, joriy yil 2024 yilgi rekordni yangilab, tarixdagi eng issiq yilga aylanishi ehtimoli 86% ga oshgan.
Anomal issiqda insonlar uchun noqulay sharoitda mehnat qilish xavfli ekani haqida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti ham ogohlantirmoqda. Issiq urishi yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklari og‘irlashishining asosiy sabablaridir.
Mamlakatimizda, anomal issiq sharoitida mehnat xavfsizligini ta’minlash masalasi millionlab ishchilar va ularning oilalari manfaati bilan bevosita bog‘liqdir. Shu bois mehnatni to‘g‘ri tashkil etish bir nechta korxona emas, balki deyarli har bir hudud va tarmoq uchun dolzarb masaladir.
Mazkur vaziyatda Xalq demokratik partiyasi yurtimizdagi barcha ish beruvchilarni quyidagi muhim holatlarga e’tibor berishga chaqiradi.
Birinchidan, havoning harorati yuqori bo‘lgan sharoitlarda ochiq havoda, sovitilmaydigan xonalarda yoki og‘ir jismoniy ishlarda band xodimlarga qo‘shimcha tanaffuslar berilishi maqsadga muvofiq. Mehnat kodeksiga asosan ish beruvchi xodimlar uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratishi shart.
Ikkinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti ochiq havoda yoki issiq joylarda ishlayotgan xodimlar uchun dam olish, salqinlash uchun imkon yaratib berishni tavsiya qiladi.
Shundan kelib chiqib, ochiq havoda bajariladigan og‘ir ishlarni ertalab yoki kechqurungi salqin vaqtlarga ko‘chirish, har soatda qisqa dam olish imkoniyatini yaratish hamda soyali yoki konditsionerli dam olish joylarini tashkil etish, issiq urishi alomatlari bo‘yicha doimiy yo‘riqnomalar o‘tkazish lozim, deb hisoblaymiz.
Uchinchidan, yosh bolali, homilador ayollar, katta yoshdagilar, surunkali kasalligi bor xodimlar va ochiq havoda mehnat qilayotganlar uchun alohida muhofaza choralarini ko‘rish muhimdir. Bugun xodim salomatligiga sarflangan har bir mablag‘ ertaga mehnat unumdorligi, iqtisodiy barqarorlik va ishlab chiqarish xavfsizligiga qo‘shilgan investitsiya hisoblanadi.
To‘rtinchidan, xodimlarni kunning eng issiq mahalida tushlik uchun ko‘chaga chiqishdan himoyalash maqsadida, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, ish binosida ovqatlanishga sharoit yaratilsa ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yana bir masala shundaki, har bir ish beruvchi xodimlar uchun sifatli va salqin ichimlik suvi ta’minotini yaratib berishi muhim, deb o‘ylaymiz. Misol uchun, qator Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarida ofis yoki yopiq xonalardagi harorat ma’lum darajadan oshsa, ichimliklar ish beruvchi hisobidan tarqatilishi doimiy amaliyotga aylangan.
Biz, barcha ish beruvchilarni mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy amal qilishga, anomal issiq kunlarda xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga va yuksak ijtimoiy mas’uliyat namoyon etishga chaqiramiz.
Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati