Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyomand oilalarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ustuvor maqsadlaridan hisoblanadi. Partiya mamlakatda kuchli ijtimoiy davlat tamoyillarini qaror toptirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashga intiladi. Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi yig‘ilishda aynan ushbu mavzuga qaratilgan masala muhokama qilindi. Yig‘ilishda partiya deputatlari va faollari tomonidan hududlardagi mavjud vaziyat o‘rganilib, joylarda kuzatilgan namunali holatlar bilan bir qatorda ko‘zga tashlangan muammoli vaziyatlar ham mas’ul idora vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Bizga ma’lumki, kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilib, ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab qo‘yilgan. Xususan, kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi doirasida viloyatda 31 mingdan ortiq oila o‘rganilib, 12 mingdan ortig‘i reyestrga kiritilgan hamda ular uchun 11 mingdan ortiq individul ijtimoiy himoya dasturi ishlab chiqilgan. Natijada 1 ming 100 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan, 3 ming 300 dan ortig‘i tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, yana 1 ming nafardan ortiq fuqarolarga kredit va subsidiyalar olishda ko‘maklashilgan. O‘rganishlar davomida ayrim kambag‘al oilalarning barqaror daromad manbalarini yaratish bo‘yicha ishlar yetarlicha darajada yo‘lga qo‘yilmagani, mehnatga layoqatli fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va doimiy ish bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirish zarurligi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kredit va subsidiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari sust darajada ekanligi aniqlandi. Shuningdek, yig‘ilishda mavjud mammolar yechimi bo‘yicha takliflar ham o‘rtaga tashlandi. Jumladan, kambag‘al oilalarning har biri bo‘yicha individual “yo‘l xaritasi” ijrosi ustidan monitoringni kuchaytirish, bandlik, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish dasturlariga ehtiyojmand fuqarolarni kengroq jalb etish, ijtimoiy xodimlar faoliyatida ehtiyojmand oilalarni manzilli aniqlash, hujjatlarni to‘liq va o‘z vaqtida rasmiylashtirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimini kuchaytirish kabi takiflar bildirildi. Yig‘ilish yakunida partiya faollari aholini ijtimoiy himoya qilishga, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur hamda tashabbuslar ijrosi ustidan doimiy jamoatchilik nazoratini olib borishini, aniqlangan muammolarni hal etishda mas’ul idora va tashkilotlar bilan hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilishdi.