Yangi yoʻl – yangi imkoniyatlar


Aholi sonining ortishi, iqtisodiy faollikning kuchayishi va ichki turizm rivojlanishi mamlakatimiz transport infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent – Samarqand yoʻnalishida muqobil pullik avtomobil yoʻlining qurilishi transport tizimini modernizatsiya qilish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hududlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladigan bunday yirik transport infratuzilma loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Yangi magistral iqtisodiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qurilish davrida minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va qurilish tashkilotlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yuzaga keladi. Yoʻl foydalanishga topshirilgach esa yuk tashish xarajatlari kamayishi, logistika samaradorligi ortishi hamda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti qariyb ikki baravarga qisqaradi. Bu esa tez buziladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa yuklarning sifatini saqlagan holda isteʼmolchilarga yetkazilishiga, transport xarajatlarining kamayishi orqali mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi. Natijada bundan nafaqat ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar, balki oddiy isteʼmolchilar ham manfaatdor boʻladi.
Turizm sohasida ham yangi imkoniyatlar ochiladi. Samarqandga qulay va tezkor transport qatnovining yoʻlga qoʻyilishi ichki va tashqi turizm rivojiga, mehmonxona, savdo, transport hamda xizmat koʻrsatish sohalarida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ushbu loyiha transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqib, iqtisodiy oʻsish, hududlararo integratsiya, turizm va investitsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, fuqarolar uchun xavfsiz, zamonaviy va tezkor harakatlanish imkoniyati yaratiladi.

← Roʻyxatga qaytish