Yana bir deputatimiz Qizilgul Qosimova Toshkent viloyati Ohangaron tumani elektr tarmoqlari korxonasida elektr energiyasi iste’moli, iste’molchilar soni hamda elektr tarmoqlari infratuzilmasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandi.
Tahlillarga ko‘ra, 2023-2026-yillar davomida elektr energiyasi iste’molchilari sonida barqaror o‘sish kuzatilgani, elektr tarmoqlari infratuzilmasi bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani qayd etilib, amalga oshirilayotgan ishlar hududda elektr ta’minoti sifati va ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Jarayonda “Ubayd” mahallasi mahalla yettiligi faoliyati hamda chekka hudud – Shoshtepa qishlog‘ida amalga oshirilgan ishlar ham o‘rganildi.
Jumladan, Shoshtepa qishlog‘ida 90 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy maktab binosi yonida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni sportga keng jalb etish maqsadida sport zali qurilish ishlarining sifati, belgilangan talablarga muvofiq bajarilishi hamda obyektni o‘z muddatida foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ullar bilan fikr almashildi.
Mazkur qishloqda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar: ichki yo‘llarga asfalt qoplamasining yotqizilgani, ehtiyojmand oilalarning ikki nafariga yangi uy-joy qurib berilgani va aholining bu kabi ijobiy o‘zgarishlardan roziligi – ortga qaytmas islohotlarning yorqin namunasi ekani e’tirof etildi.
Shuningdek, Olmaliq shahridagi “Mustaqillik” mahallasida saylovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi Kotibiyati mudiri Sevar Qodirova hamda shahar hokimi o‘rinbosari Ergash Abdurayimov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida fuqarolarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi. Shuningdek, “Mahalla yettiligi” faoliyati ko‘rib chiqilib, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.