Saylovchilar bilan muloqotlar Bo‘zatovda ham davom etdi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Bo‘zatov tumanida bo‘lib, bir qator ijtimoiy soha obyektlarini o‘rgandi hamda saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati S.Imomova, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari X.Eshimbetov ham ishtirok etdi.

Dastlab Bo‘zatov sanatoriyasiga borishdi. U yerda aholini sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va yaratilgan sharoitlar tuman hokimi B.Ubbiniyazov ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh tumandagi “BULTEX PRO” tekstil korxonasida bo‘ldi. Korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishilib, ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ayniqsa, korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi. Xavfsiz mehnat muhiti, zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlari va doimiy ish o‘rinlarini yaratish borasidagi ishlar o‘rganildi. Ta’kidlanganidek, bunday tashriflar hududlarda bandlik holatini o‘rganish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda ishlab chiqarish sohasidagi amaliy natijalarni baholash imkonini beradi.

Faollarimizning navbatdagi manzili “Qusxanatov” ovul fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Bu yerda mahalla faoliyati bilan tanishilib, mahalla yettiligi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot davomida aholi farovonligini oshirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mahalla tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish