Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirish, sudyalarning maqomi hamda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Dastlab, deputatlar tashabbuskorlar tomonidan ishlab chiqilgan, sudyalar mustaqilligini ta’minlashda sudyalar maqomining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokamadan o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasi 7 ta bob, 47 ta modda va ilova tarzida tasdiqlanayotgan Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi nizomdan iborat bo‘lib, qonun loyihasi bilan Oliy sud va quyi sudlar tuzilmasini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash huquqini Oliy sud raisiga berish, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish va ularning mehnat faoliyati bilan bog‘liq cheklovlarni belgilash kabi normalar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, sudyalik uchun yosh senzi amaldagi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilmoqda, sudyani 10 yillik muddatga tayinlash tartibi bekor qilinib, dastlab 5 yilga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash tartibi ko‘zda tutilmoqda. Sudyalik lavozimiga, shu bilan birga, sud raisi va o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilayotgani, sudyaning malakasini oshirish davriyligi va muddatlari, sud sohasida muhim islohotlar amalga oshirilgan 21 fevral sanasini – sud organlari xodimlari kuni sifatida belgilanayotgani ta’kidlandi.
Sud mustaqilligi va mas’uliyati oshayotgani, odil sudlov asoslari kuchaytirilayotgani Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, davlat xaridlarida parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalarini, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni kiritish hamda davlat xaridlarida yuzaga kelayotgan nizolarni hal qilishni soddalashtirish taklif etilayotgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Deputatlarga fraksiya yig‘ilishi kun tartibiga muvofiq, navbatdagi masala – Madaniyat vaziri O. Nazarbekovga «Bolalar musiqa, san’at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta’lim sifatini oshirish, ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanish holati to‘g‘risida» yuborilgan parlament so‘rovi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ham o‘qib eshittirildi.
Yig‘ilish yakunida fraksiya a’zolarining saylov okruglarida saylovchilar va aholi vakillari, tadbirkorlik subyektlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari, hududlardagi ijtimoiy soha obyektlarini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi axboroti ham tinglandi.
Kun tartibida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari va partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, qo‘llab-quvvatlandi.