Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashidagi partiya deputatlik guruhi hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashtirilgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Jamoatchilik eshituvida qayd etilganidek, 2026-yil 1-yanvar holatida Jizzax viloyatida 1,5 million nafar aholining 76,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Viloyatda 660 ta ichimlik suvi inshooti va 4 ming kilometrga yaqin ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lsa-da, ularning 69 ta inshooti hamda 1,1 ming kilometr tarmog‘i ta’mirtalab holatda. Oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 26,2 foizni tashkil etib, mavjud 460 kilometrdan ortiq oqova suv tarmog‘ining deyarli 100 kilometri ta’mirga muhtoj.

Partiya deputatlari fikricha, mazkur ko‘rsatkichlar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, hali yechimini kutayotgan tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, aholini suv bilan ta’minlash darajasini faqat qamrov foizi orqali baholash yetarli emas. Aholi uchun suvning o‘z vaqtida, yetarli hajmda va sifatli yetkazib berilishi, mavjud tarmoqlarning ishonchli ishlashi ham asosiy mezon bo‘lishi lozim.

O‘rganishlar jarayonida bu holatni tasdiqlovchi qator murojaatlar ham aniqlangan. Xususan, Zarbdor tumanida markaziy ichimlik suv tarmog‘i yoz oylarida aholiga yetarli suv yetkazib bera olmasligi, yangi qurilgan suv minoralarining to‘liq ishlamayotgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

Baxmal tumani Novqa qishlog‘ida 3 kilometr yangi suv tarmog‘i tortilganiga qaramasdan, aholiga suv uch kunda bir marta berilayotgani masalasi ko‘tarilgan. O‘rganish davomida bu holat markaziy tarmoqdan foydalanuvchi xonadonlar soni ko‘pligi bilan izohlangan. Biroq partiya deputatlari nuqtai nazaricha, bunday holatni faqat mavjud grafik bilan izohlashning o‘zi yetarli emas. Aholi soni va ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda infratuzilmaning quvvati ham shunga mos ravishda kuchaytirilishi zarur.

Paxtakor tumanida esa partiyaning sayyor qabullari davomida 57 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 6 ta sayyor qabul o‘tkazilgan, 8,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan va 329 ta suv hisoblagichi o‘rnatilgan. Bu kabi amaliy ishlar aholining mavjud muammolarini hal etishda deputatlik nazorati muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Jamoatchilik eshituvida sohani moliyalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilda Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash uchun 316,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy qismi respublika budjeti va xalqaro mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda tegishli inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Joriy yil 2-sentabr holatiga ko‘ra, yillik rejaning 65 foizi bajarilgan.

Amaldagi rejalarga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar 60,5 ming nafar aholini ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashgan qamrov darajasini 76,3 foizdan 80,2 foizga oshirish, shuningdek, 111,4 ming nafar aholiga ilk bor kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish va oqova suv qamrovini 26,2 foizdan 34,1 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston XDP mazkur maqsadlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki partiyaning saylovoldi dasturida aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash alohida ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiya kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning aholi oldidagi hisobdorligini oshirish, resurslar yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmatlar sifatini yaxshilash tarafdori.

Jamoatchilik eshituvi yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida vazifalar belgilab olindi. O‘zbekiston XDP Jizzax viloyati kengashi bu masalani deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida izchil davom ettirish, belgilangan vazifalarning ijrosini kuzatib borish va aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga erishishini ma’lum qildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish