Insonning erkin harakatlanishi va jamiyat hayotida teng ishtirok etishi uning eng muhim huquqlaridan biridir. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘cha, yo‘lak, jamoat transporti, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy obyektlarda erkin harakat qilishi ularning mustaqil hayot kechirishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois qulay va to‘siqsiz muhit yaratish faqat infratuzilma masalasi emas, balki ijtimoiy adolat masalasidir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri, deb biladi. Bugun mamlakatimizning har bir hududida inklyuziv muhitni shakllantirishga e’tibor har qachongidan kuchli.
Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi yig‘ilishida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi, infratuzilma va xizmatlardan erkin foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar tahlil qilindi.
Yig‘ilishda deputatlar piyodalar yo‘laklarining holati, panduslar, liftlar, maxsus belgilar, svetoforlar va jamoat transportining moslashtirilganligi masalasiga e’tibor qaratishdi. Ayniqsa, yer yuzining turli mintaqalaridan millionlab turistlarni o‘ziga jalb qiladigan tarixiy qadamjolarda nogironligi bo‘lgan insonlar qanday harakat qilishi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Ijtimoiy inspeksiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga asosan, ko‘plab tarixiy obidalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar erkin harakatlanishi uchun yetarli darajada sharoit yaratilmagan. Yangi va tarixiy obyektlar infratuzilmasini bosqichma-bosqich moslashtirishga ehtiyoj borligi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda deputatlar tarixiy obidalarda to‘siqsiz muhit yaratilishi ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Shuningdek, Xalq demokratik partiyasi deputatlari mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar ustidan qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatishini ma’lum qilishdi.