Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2026-yil I yarim yillik ijrosi, sudyalarning maqomi hamda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risidagi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab deputatlar, kun tartibidan o‘rin olgan birinchi masala – Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2026-yil I yarim yillikdagi ijrosiga oid Hukumat hisobotini ko‘rib chiqdilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, joriy yilning o‘tgan olti oyida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ijobiy natijalarga erishilgan.
Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan ishlar natijasida yalpi ichki mahsulot 8,5 foizga yetib, 1 072,7 trln so‘mga yetgan.
Shuningdek, 2026-yilning I yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘m yoki 43,8 foizga ko‘p bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida Davlat budjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy sohaga ajratmalarning ulushi 51,5 foizni tashkil etgan bo‘lib, bunday dinamika davlatning aholi turmush darajasini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari partiya Saylovoldi dasturi va siyosiy g‘oyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ushbu sohalarda amalga oshirilgan ishlar natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratib, Hukumat vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Jumladan, deputat Sh. Ahmedov maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilaridan maktablarda darsliklarni yangilash hamda yangi o‘quv yilida o‘quvchilarning darslik bilan ta’minlanish holati qandayligi haqida atroflicha ma’lumot berishini so‘radi.
Fraksiya a’zosi Q. Qosimova sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masalaga ahamiyat qaratdi. Jumladan, onkologiya, kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash hamda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish kabi tibbiyotning eng jiddiy yo‘nalishlariga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi past ekanligining sabablariga qiziqdi.
Deputatlarning har bir savoliga Hukumat vakillarining javoblari tinglangach, Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2026-yil I yarim yillikdagi ijrosiga oid Hukumat hisobotidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish va ajratilgan mablag‘larni sohalarga tizimli yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilishdi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zosi A.Temirov profilaktika va yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining huquqbuzarlik sodir etilganda ko‘radigan ta’sir choralari qay darajada aniqligi yoxud profilaktika inspektori nazorat olib boradigan hududda bir vaqtning o‘zida ikkita huquqbuzarlik sodir etilganda qanday yo‘l tutilishi ko‘zda tutilayotganiga qiziqdi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.