Bosh maqsad — bola huquqlarini ta’minlash
Bosh maqsad — bola huquqlarini ta’minlash

 

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan mazkur qonun jamiyatda bola huquqlarini ta’minlash, ularning xavfsiz va sog‘lom muhitda kamol topishi uchun zarur huquqiy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo'ldi.

Unda bolalarning protsessual huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, ularning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirilishini maxsus tartib asosida o‘tkazish, shuningdek, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlashga oid normalar belgilanmoqda.

Shuningdek, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanyapti. Bu esa bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qarorlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini ta’minlashga yordam beradi.

Hujjatda ta’lim tashkiloti xodimi tomonidan ta’lim-tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lishiga oid qoidalar nazarda tutilgani ham muhim ahamiyatga ega. Bu ta’lim muassasalarida bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va sha’nini himoya qilish, pedagog xodimlarning kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur hujjat bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, zo‘ravonlikning barvaqt oldini olish hamda ular uchun xavfsiz, sog‘lom va barqaror muhitni shakllantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish