Kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega. Chunki havo salqinlasha boshlashi bilan ayrim oilalar bu yil qanday bo‘larkin, degan savolga javob izlaydi.
Prezident huzurida ko‘rib chiqilib, ma’qullangan takliflar aholining mavsumiy xarajatlarini yengillashtirish, ijtimoiy yordam qamrovini kengaytirish va uni manzilli yetkazishga qaratilgani bilan muhimdir. Partiyamiz ham ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tashabbuslarga har doim kamarbasta bo‘ladi.
Bugungi kunda jahondagi geosiyosiy keskinlik, energiya resurslari va xomashyo narxlarining o‘sishi aholi xarajatlariga ham ta’sir ko‘rsatayotgani bor gap. Bunday sharoitda ijtimoiy himoya choralarini aniq ehtiyojdan kelib chiqib belgilash, ayniqsa, daromadi yuqori bo‘lmagan va qish mavsumida qo‘shimcha xarajatlari ortadigan oilalarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Shu nuqtai nazardan, gazlashtirilmagan yoki tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda isitish uchun elektr energiyasidan foydalanadigan aholi uchun bazaviy me’yorning 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirilishi hayotiy ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasining ko‘rib chiqilishi ham mavsumiy xarajatlarni qoplashda qo‘shimcha ko‘mak bo‘ladi. Ijtimoiy reyestrga kirmagan, ammo amalda yordamga muhtoj oilalarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik muhim. Shu maqsadda bunday oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish orqali qo‘llab-quvvatlash qamrovini yana 166 ming oilaga kengaytirish imkon bo‘ladi. Bu yondashuv ijtimoiy yordamni faqat mavjud ro‘yxatlar bilan cheklab qo‘ymasdan, aholining real daromad va ehtiyojlarini ham hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi.
Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish orqali bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda.
Albatta, belgilangan vazifa va choralarning natijadorligi, hududlarda, mahallalarda sifatli amalga oshirilishi – dolzarb masala. Yordam uchun ajratilgan mablag‘lar o‘z vaqtida yetkazilishi, ehtiyojmand oilalar to‘g‘ri aniqlanishi va belgilangan mezonlar amalda bir xil qo‘llanilishi ham muhim. Deputatlarimiz bu jarayonlarda parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida ishlashga alohida e’tibor qaratadi.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.