O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi hamda Muzrabot tuman kengashi tashabbusi bilan “Quvonch va mehr ulashaylik” loyihasi doirasida “Muzrabot darvozasi” mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan muloqot o‘tkazildi.
Muloqot davomida I guruh nogironligi bo‘lgan, uch nafar farzandning onasi Nigora Mamatmo‘minova hamda og‘ir xastaligi sabab davolanishga muhtoj Dilfuza Ibragimovaning murojaatlari tinglandi.
Shuningdek, uch nafar farzandni tarbiyalayotgan Nargiza Saidovaning uy-joyini ta’mirlash, Bunyod Toshboyevga esa nogironlikni belgilash bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish masalalari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. Ularni bartaraf etish yuzasidan vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rish rejalashtirildi.
Loyiha doirasida oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va partiya sovg‘alari topshirildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish va ularning muammolariga amaliy yechim topishga ko‘maklashish partiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.