Deputatlik so‘rovi inson va jamiyat manfaatiga taqdiriga daxldor
Deputatlik so‘rovi inson va jamiyat manfaatiga taqdiriga daxldor

 

Deputatga berilgan vakolatlar orasida deputatlik so‘rovi alohida ahamiyatga ega. Negaki, unda ko‘tarilayotgan har bir masala ortida, eng avvalo, inson taqdiri, ko‘pchilikning manfaatlari turadi. Qolaversa, bu tizim odamlarning partiyaga ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun Buxoro viloyati bo‘yicha partiyamizdan saylangan 90 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Ulardan 15 nafari viloyat, 75 nafari tuman va shahar Kengashlari deputatlaridir. Bu raqamlar partiya va uning g‘oyalariga saylovchilar tomonidan katta ishonch bildirilganini ko‘rsatadi, albatta. Lekin bugun saylovchi partiyamizga deputatlarning soniga qarab emas, balki ularning ishiga, faoliyatining samaradorligiga qarab baho beradi. Shu bois bor imkoniyat hamda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri, desak xato bo‘lmaydi.

Joriy yilning 6 oyida xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi va a’zolari tomonidan jami 142 ta deputatlik so‘rovi ijro organlari mansabdor shaxslariga yuborildi. Shundan 128 tasi ijobiy hal etildi.

Masalan, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Akbar Fazilov Buxoro shahridagi Hamid Olimjon ko‘chasida yashovchi Husan Fayziyev bilan suhbatda u yurak xastaligi bo‘yicha davolanish uchun tibbiyot birlashmasidan order olishga qiynalayotgan ekan. Deputat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga deputat so‘rovi bilan chiqdi va muammo hal bo‘ldi.

Shuningdek, Buxoro shahrida yashovchi Bahodir Afakov nogironlik aravachasiga muhtojligini bildirdi. Deputat Akbar Fazilov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i I.Narziyevga shu haqda deputatlik so‘rovi yubordi, fuqaroga nogironlik aravachasi yetkazib berildi.

Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashi deputati Shamsiddin ­Yaxshiyev ham xonadonma-xonadon yurib, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganmoqda. 2020 yilning 27 aprelida bo‘lib o‘tgan tabiiy ofat natijasida Shaftolizor ko‘chasidagi 1958 yilda o‘rnatilgan sim yog‘ochlarga qattiq shikast yetgandi. Ko‘chadagi ayrim uylarning hovlisidagi elektr simlari uzilib tushgandi. Hatto aksariyat sim yog‘ochlar hovli ichida qolib ketgani ham rost. Vaziyatni o‘rgangan deputat masala yechimini ortga surib bo‘lmaslgini bildi. Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga simyog‘ochlarni yangilab, ularni aholi xonadonidan xavfsiz, uzoqroq masofada o‘rnatishda amaliy yordam so‘rab, deputat so‘rovi yubordi. Mazkur deputatlik so‘roviga javob vaqtida keldi. Biroq, unda aniq javob berilmadi. Deputat qayta-qayta yuborgan deputatlik so‘roviga xuddi shu tarzda javob qaytarilmoqda. Muammo esa yechimini topgani yo‘q. Ammo deputat ham harakatdan to‘xtagani yo‘q.

Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Tahlillar ko‘rsatyaptiki, deputatlarimizning 3 foizi hali bironta ham deputatlik so‘rovi chiqarmagan. Biz yosh deputatlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, tajribali deputatlar faoliyatini namuna qilishga to‘g‘ri kelmoqda.

 Yana bir masala. Xo‘sh, ijroiya organlari deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida asoslantirilgan tarzda tushuntirishlar berayaptimi?

Aytish joizki, deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida javob qaytarilmoqda. Ammo ayrim javoblarda aniqlik yo‘qligi kishini o‘yga toldiradi. Javob kelibdi, deya xatjildni ochamizu, “...so‘ragan masalangiz keyingi yilda o‘rganiladi..”, yoki “...murojaatingizga ko‘ra, ma’lum qilamizki, yo‘lni ta’mirlash keyingi yilda davlat dasturiga kiritiladi,” kabi javoblardan ko‘ngil to‘lmaydi. Chunki keyingi yili dasturga kirmay qolishi ham mumkin. Shuning uchun ham masala deputat nazoratidan olinmaydi. Xafsalamiz pir bo‘ladi. Buni qanday izohlash mumkin? Yanada aniqrog‘i, o‘z masalasi yechimida deputatga umid bog‘lagan saylovchiga nima, deb javob qaytarishga hayron qolasan kishi.

Shu o‘rinda tanganing ikkinchi tomoniga ham nazar tashlash kerak bo‘ladi. O‘rganishlar deputatlik so‘rovlari sifatini oshirishni taqozo etayotganini ko‘rsatmoqda. Afsuski, deputatlik so‘rovi predmeti, yuborish sub’ekti, qo‘yiladigan masala dolzarbligini belgilash bilan bog‘liq masalalariga barcha deputatlar ham yetarli e’tibor bermayapti.

Bugun mamlakatimizda siyosiy partiyalarning demokratik islohotlar jarayonida ishtiroki sezilarli darajada kuchayib bormoqda. Ammo shiddat bilan o‘zgarayotgan hayot, partiyamiz faoliyatini ham yangi bosqichga ko‘tarish, yanada tashabbuskor va faol bo‘lish, xalqqa tobora yaqinlashishni talab etayotir. Buning uchun viloyat, tuman va shahar partiya kengashlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlarimiz ko‘proq tashabbus ko‘rsatishi, ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal qilish takliflari bilan chiqishi zarur. Ana shundagina bizga ishonib ovoz berib saylagan saylovchilar ishonchini oqlay olamiz.

 

Robiya KAZIMOVA,

O‘zXDP Buxoro shahar kengashi raisi.

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish