Maqomi va daromadi oshgan oʻqituvchi taʼlimda sifat omili boʻla oladi
Maqomi va daromadi oshgan oʻqituvchi taʼlimda sifat omili boʻla oladi

 

Imom al-Buxoriy Imom Iso at-Termiziyning ustozi boʻlgan ekan. Ustozi vafot etgandan keyin tinimsiz yigʻlab, koʻzi koʻr boʻlib, dunyodan oʻtib ketgan. Ustozga boʻlgan mehr-muhabbatning kuchi bu. Iso Termiziy hayot paytlarida ustozi Imom Buxoriy: “Siz mening shogirdim boʻlsangiz ham men sizdan koʻp narsa oʻrganganman, ezgulikka sadoqat, mehr-muhabbat va ustozga boʻlgan hurmatni Sizdan oʻrgandim”, deb aytgan ekanlar.

Shunga oʻxshagan hayotiy misollarni koʻplab keltirish mumkin. Demakki, ustozni hurmat qilgan shogird va jamiyat doimo yuksalgan.

Yaqinda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, uning 5-bobi pedagog xodimlarning huquqiy maqomi haqida bayon etilgan. Jumladan, pedagog xodimlarning maqomi jamiyat va davlat tomonidan tan olinishi belgilangan. Shuningdek, taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi.

Taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining kasbiy faoliyatiga aralashishga, taʼlim oluvchilarning bilimlarini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatishga, shuningdek ushbu pedagog xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shu bilan birga, oʻqituvchilarning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, oʻquv, ilmiy va uslubiy yoʻnalishlardagi axborot-resurs markazlarining xizmatlaridan bepul foydalanishi, oʻz kasbiy faoliyatiga aralashuvdan himoyalanishi, davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy koʻrikdan oʻtishi (davlat taʼlim muassasalari va tashkilotlari uchun) kabi muhim huquqlar va manfaatlari mustahkamlangan.

Yana bir muhim masala, pedagog xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday boshqa ishga jalb qilish taqiqlanishi koʻrsatilgan.

Nima uchun bular qonunda yozib qoʻyildi?

Keyingi vaqtlarda bu haqda koʻp va xoʻp toʻxtalib, meʼdaga tegilgan boʻlsa-da yana takrorlashga majburman. Afsuski, oʻqituvchilarning obroʻyi anchagina pasaydi. Koʻpchilik soha fidoyilari tirikchilik sabab ishini tashlab hatto xorijga ketishdi. Yomon tomoni, qora, oʻzlariga yarashmagan ishlarni qilishga majbur boʻlishdi. Koʻcha supurish, chiqindi tashishni aytmasa ham boʻladi...

“Dard ustiga chipqon” deganlaridek jamiyatda obroʻsizlangan ustozga farzandining arzimagan shikoyati uchun maktabga yugurib kelib oʻqituvchiga “tashlanish” holatlari koʻpaydi. Oʻqituvchilik faoliyatim davomida oʻzim ham ushbu holatning bir necha bora guvohi boʻlganman. Axir ota-onaning maqsadi bilan oʻqituvchining maqsadi bir-ku. U ham boʻlsa, farzandlarimizga puxta bilim, chiroyli tarbiya berish.

Maktabdagi oʻquvchilik davrimdagi adabiyot fanidan insho yozish darsida “Kelajakda qaysi kasb egasi boʻlasiz?” mavzuida sinfimizdagi aksariyat sinfdoshlarim oʻqituvchi boʻlishini yozgandi. Shundan ham maʼlumki, oʻqituvchi kasbi eng obroʻlisi boʻlgan. Hozir-chi?

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, oʻqituvchilarning biror mamlakatda qanchalik darajada izzat qilinishini bilishning yana bir usuli - bu ota-onalarning oʻz farzandiga ushbu kasbni ravo koʻrish-koʻrmasligini aniqlashdir.

Bir vaqtlar qishloqdagi eng obroʻli inson muallim boʻlgan. Qishloqdagi biron bir muammo yoki maslahatli masalalar oʻqituvchidan soʻralgan.

Aytishlaricha, bir insonning farzandi xastalanib, tabib shirinlik yeyish mumkin emasligidan ogohlantiribdi. Ota-onasi har kuni necha martalab shirinlik yemagin deb tayinlashmasin, bolaga bu sira kor qilmabdi. Shunda ota uni madrasada yoshlarga saboq beruvchi ustozning oldiga boshlab boribdi.

– Siz yoshlarga saboq berasiz, mahallamizda obroʻyingiz baland, oʻgʻlimga ham nasihat qilsangiz, – debdi. Ustoz ikki haftadan keyin kelishni tayinlabdi. Belgilangan muddat oʻtibdi. Ota oʻgʻlini ustozga roʻpara qilibdi. Ustoz bolani oldiga chorlab, “oʻgʻlim, bundan keyin shirinlik yemang”, deya taʼkidlabdi. Ota “oʻgʻlimga nasihat qilasiz, deb oʻylagandim, siz esa bir ogʻiz gap bilan kifoyalandingiz”, deya ranjigandek boʻlibdi. “Men oʻgʻlingizga shu gapni aytish uchun ikki hafta shirinlik yemadim, inshoolloh, oʻgʻlingiz soʻzimga quloq soladi”, debdi ustoz. Bola rostdan ham shirinlik yeyishni tashlab, xastalikdan forigʻ boʻlibdi.

“Qars ikki qoʻldan chiqadi” deganlaridek, ustozlik kasbini egallagan insonlar ham bunga munosib boʻlishlari zarur nazarimizda.

Qonunda pedagog xodimlarning majburiyatlari haqida ham normalar belgilangan. Unga koʻra ular, taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, oʻquv mashgʻulotlarini sifatli oʻtkazishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, oʻqitish va tarbiyaning ilgʻor hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi, taʼlim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa taʼsis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishi, oʻz malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan oʻtishi shart. Pedagog xodimlarga pedagogik faoliyatni amalga oshirishda axloq va etika normalariga zid harakatlar sodir etish taqiqlanadi.

Umuman xalqimiz hamisha ustozlarni eʼzozlab, ularning hurmat-izzatini joyiga qoʻyib kelgan. “Ustoz ota kabi ulugʻ” degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Mazkur hikmatni amalda qaror toptirish, muallimning qadr-qimmatini ajdodlarimiz kabi eʼzozlashimiz zarur. Holbuki, maqomi va daromadi oshgan oʻqituvchi taʼlimda sifat omili boʻla oladi. Zero, oʻqituvchi obroʻsi — jamiyat obroʻsi hisoblanadi.

 

Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi.

www.xs.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish