Qamashilik deputat qanday muammoni ko‘tarmoqda?
Qamashilik deputat qanday muammoni ko‘tarmoqda?

Deputatlik — bu mas’uliyat demak. Negaki, unda xalq ishonchi mujassam. Endi deputat butun saylov okrugi aholisining o‘y-tashvishi, quvonch va muammosi bilan yashashi, ularning og‘irini yengil qilishga harakat qilmog‘i lozim. El dardiga darmon bo‘lish ulkan mas’uliyat barobarida katta sharaf hamdir.

Xalq demokratik partiyasi a’zosi, xalq deputatlari Qamashi tuman Kengashi deputati Tamara Choriyeva ham ana shunday mas’uliyatni sharaf bilan uddalab kelayotgan jonkuyar deputatlardan.

Viloyat partiya kengashida fidokorona mehnat qilib kelayotgan, yuzidan nur yog‘ilib turuvchi deputatimizni uzoq yillardan buyon yaxshi bilaman. Bu opamiz bejizga deputat etib saylanmaganligiga bir necha bor guvoh bo‘lganman.

— Qamashi tumani aholisining aksariyat qismi «To‘qboy» va «Boybo‘ri» mahalla fuqarolar yig‘inlari tarkibidagi «To‘qboy», «Berdoli», «Boybo‘ri», «G‘alaba», «Boshjonbuz» va «Esoboy» kabi katta qishloqlarda istiqomat qiladi, — deydi Xalq demokratik partiyasi a’zosi Tamara Choriyeva. — Menga mehnatkash aholimizning bildirgan ishonchidan so‘ng qishloqlardagi muammolarni chuqur o‘rganishga kirishdim. Ma’lumki, bugun hukumatimiz va shaxsan Prezidentimiz tomonidan ta’lim tizimining eng dastlabki bo‘g‘ini — maktabgacha ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratilmoqda. Negaki, bolalarni ushbu ta’lim bosqichiga qamrab olish qishloqlarda o‘ta achinarli holatda. Bu esa, ayniqsa, xotin-qizlarning ish bilan ta’minlanishi va o‘z xonadoni farovonligiga hissa qo‘shishda qaysidir ma’noda murakkablik tug‘dirishi tabiiy.

Darhaqiqat, bugun saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholining aksariyat murojaatlari aynan qishloq hududlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini zamon talablari darajasida takomillashtirish zarurligini tasdiqlayotgani haqiqat.

 

Deputatning qaydlariga e’tibor qaratamiz:

- Qishloqlardagi ichki yo‘llarning ayrimlari achinarli holatda;

- «Boybo‘ri» qishlog‘ida yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport maydonchasi yo‘q;

- «G‘ishtli», «To‘qboy», «Muhammadiyev» nomidagi hududlarda kasalxona mavjud emas...

Albatta, deputat yon daftarchasida bu kabi muammolar yana ko‘plab qayd etilgan. Muhimi, Tamara Choriyeva kabi jonkuyar deputatlar o‘z imkoniyatlari va vakolatlari doirasida yana ko‘plab masalalarga yechim axtarib, aholi og‘irini yengil qilishmoqda. Ammo yuqoridagi kabi keng qamrovli muammolarni navbatma-navbat hal etishda ijro hokimiyati, ya’ni Qamashi tuman hokimligining amaliy yordami zarurdir.

 

Muzaffar TUROPOV

Teglar

Deputat
← Roʻyxatga qaytish