Xalq demokratik partiyasining qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi

 

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va joriy yilda belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya rahbari Xalilla Yeshimbetov ta’kidlaganidek, o‘tgan yil davomidagi faoliyat tasdiqlangan ish reja va dasturlarda belgilangan muhim vazifalardan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan. Deputatlar asosiy e’tiborni amaliy ishlarga, xususan, jamiyatimizning ehtiyojmand qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratayotgani qayd etildi.

Shunga ko‘ra, 2020 yilda 70 dan ortiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishlab chiqilgan va ko‘rib chiqilayotgan Qonun loyihalari joy¬larda muhokama qilinib, ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan 50 dan ortiq taklif berildi. Jumladan, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Transport to‘g‘risida»gi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun loyihalariga tegishli taklif berilgan.

Bundan tashqari, partiyaning Saylovoldi dasturini hayotga tatbiq qilish maqsadida, 2020 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi qabul qilindi. Har yili “yilga nom berilishi” munosabati bilan qabul qilinadigan Davlat dasturlari asosida, ushbu Harakat dasturiga tegishli qo‘shimchalar kiritilib, uning ijrosi muntazam ravishda amalga oshirib borildi.

Fraksiya a’zolari, hisobot davrida ushbu amaliy Harakat dasturi ijrosi bo‘yicha yig‘ilishlarida 4 ta masala, 3 ta masala tegishli qo‘mitalarda, 2 ta masala sessiya kun tartibiga kiritilishida ishtirok etdi. Shuningdek, fraksiya deputatlik nazoratini izchil olib borishga katta e’tibor qaratdi.

Qoraqalpog‘iton Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan dolzarb muammolar yuzasidan 25 marta davlat hokimiyat organlarining axborotlari tanqidiy eshitildi va ularning yakunlari bilan, muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 aprel kungi videoselektor yig‘ilishida ko‘targan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini tashkil qilish va amalga oshirish tashabbusining mazmun-mohiyati, ushbu tashabbusda bildirilgan fikrlarni keng ommaga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari va barcha darajadagi deputatlik guruhlari tomonidan karantin davrida amalga oshiriladigan ishlari yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi tashabbusi bilan, yolg‘iz keksalar, boquvchisi yo‘qotgan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi extiyojmand oilalarga oziq-ovqat, gigiyena va dori vositalari yetkazib berishni tashkil etish, karantin qoidalariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda “Partiya ko‘ngillilari jamoalari”ga partiya kengashlari mas’ul xodimlaridan 28 nafari, mahalliy Kengashlar deputatlaridan 84 nafari jalb etildi. O‘tkazilgan “Saxovat va ko‘mak” xayriya aksiyalari davomida 800 dan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli, karantin sabab daromad manbasidan ajralgan, ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari xayriya qilindi.

Hisobot davrida fraksiya a’zolarining saylov okruglarida bo‘lib, o‘z hududidagi aholi bilan muntazam aloqa o‘rnatishiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada o‘tgan yil mobaynida fuqarolarning 70 ga yaqin yozma, og‘zaki murojaati qabul qilinib, hozirga qadar ularning 90 foizidan ortig‘i ijobiy hal etildi.

Bu borada amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham qayd etildi. Shuningdek, qo‘shma yig‘ilish davomida 2021 yil Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda partiya fraksiyasi va deputatlik guruhlari oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev,

Maqsad habibullayev (surat),

O‘zA

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish