Аndijon viloyati xalq deputatlari Baliqchi tumani Kengashidagi OʼzXDP guruhi tashabbusi bilan Ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi boʼlgan, farzandlarini toʼliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarning arzon uy-joy bilan taʼminlanish holati toʼgʼrisidagi masala oʼrganildi. Uning natijalari partiya guruhi yigʼilishida atroflicha muhokama etildi.
OʼzXDP guruhi aʼzosi N.Hakimovaning aytishiga qaraganda, tumanda ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʼlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʼliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar toifasiga qarab 6 tadan 10 tagacha 2-3 xonalik kvartiralar va 2 sotixli 2-3 xonasi bor hovlilar berilishi maʼlum qilingan.
Lekin deputatlar ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʼlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʼliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar imtiyoz beriladigan toifaga kirsa ham ularga arzon uy-joylar berilmayotganligini aytishdi. Shu masalada saylovchilar tez-tez murojaat etishayotgani taʼkidlandi.
Ushbu masalaning tumanda bajarilishi boʼyicha xar bir deputat oʼzi saylangan okrug hududida uyma-uy yurib xaqiqiy ahvolni oʼrganib chiqishi toʼgʼrisida gapirib oʼtildi. Masala muhimligi inobatga olinib, uni xalq deputatlari tuman Kengashi Sanoat, transport, qurilish, kommunal xoʼjalik, aloqa va aholiga hizmatlar koʼrsatish masalalari boʼyicha doimiy komissiyasining navbatdagi yigʼilishi kun tartibiga kiritish, unda Xotin-qizlar qoʼmitasi raisi, tuman hokimining oʼrinbosari G.Dexqonovaning axborotini eshitish kerakligi haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, partiya guruhi yigʼilishi qarorida xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimining qurilish masalalari boʼyicha oʼrinbosari S.Mitillaevning eshituvini tashkil etish tashabbusi aks etdi.
Xalq demokratik partiyasi uchun muhim ahamiyatga ega boʼlgan mazkur masala doimiy komissiya yigʼilishida qanday muhokama etilgani, qanday takliflar bildirilgani hamda qabul qilingan qaror haqida xabar beramiz.
Oʼzbekiston XDP Аndijon viloyat kengashi
Аxborot xizmati