Maqsuda Vorisova: “Kambag‘allik va ishsizlikni tugatish hukumatning eng muhim vazifasiga aylanishi kerak”
Maqsuda Vorisova: “Kambag‘allik va ishsizlikni tugatish hukumatning eng muhim vazifasiga aylanishi kerak”

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ishsizlikni bartaraf etish borasida saylovoldi dasturida alohida takliflar borligini qayd etib o‘tdi.

Nomzod kelgusi 5 yilda davlatning asosiy vazifasi aholi bandligi va real daromadlarini oshirishdan iborat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.  Yollanma ishchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida ijtimoiy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish, unda yangi ish joylari ham, yuqori ish haqi ham, jamiyatning ijtimoiy ehtiyojlari uchun undiriladigan soliqlar ham pirovardida bozor munosabatlarining samarali yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liqligini to‘liq anglagan holda doimo yollanma ishchilar va tadbirkorlar manfaatlarini o‘zaro moslashtirish choralari ko‘riladi. Buning uchun yollanma ishchilarning ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida qonunlarga rioya qilinishini ta’minlaydigan va mehnat mojarolarining oldini oladigan “Yollanma ishchilar huquq va erkinliklari to‘g‘risida” qonunni qabul qilish lozim, deb hisoblaydi.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida “Temir daftar”ga 11 ming 720 nafar, “Ayollar daftari”ga 35 ming 390 nafar, “Yoshlar daftari”ga 56 ming 458 nafar fuqarolar kiritilgan, – deydi M.Vorisova. –  Viloyatda mehnat migrantlari 11 ming 813 nafarni tashkil etadi. Ishsiz boy bo‘la olmaydi, ishsiz yosh boy bo‘la olmaydi, ayollar daftariga kiritilgan ijtimoiy qiyin holatdagi ayollarimiz u boy emas. Mehnat muhojiri bu boy emas. Mana shu tarkib kambag‘allarning asosiy tarkibini tashkil qiladi. Demak, biz kambag‘allikni tugatishni maqsad qildikmi, mana shu aholi bilan ishlashimiz kerak. Ularga imkoniyat berishimiz kerak. Pul mablag‘ emas ularga ish o‘rni berishimiz kerak. Munosib haq to‘lanadigan ish o‘rni bilan ta’minlasakgina kambag‘allikni tugata olamiz.  

 

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA

 

 

 

 

Teglar

sajlov-2021
← Roʻyxatga qaytish