OʼzXDP tashabbusi bilan ayollar tibbiy koʼrikdan oʼtkazilmoqda.
Oʼzbekiston XDP Qoʼshtepa tuman kengashi raisining xotin-qizlar masalalari boʼyicha oʼrinbosari Turdixon Rustamova rahbarligida tumandagi xotin-qizlarni tibbiy koʼrikdan oʼtkazish uchun aktsiya tashkil etildi. Unda yuqori malakali mutaxassislar, tumandagi davolash-profilaktika muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad ayollarda uchraydigan kasalliklarni oldindan aniqlash va ularni vaqtida davolashdan iborat. Аktsiya jarayonida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Аktsiyaning dastlabki kunida partiyamiz faollari va shifokorlar Shomirza, Loyson mahalla fuqarolar yigʼinlarida boʼlishib, 107 nafar ayollarni bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazishdi. Shundan 70 nafariga 6 xil turdagi bepul dori darmonlar berildi.
– Ochigʼini aytish kerak, uy-roʼzgʼor yumushlari bilan xotin-qizlarimiz har doim ham sogʼligi uchun vaqt ajrata olmaydi. Lekin shunday kasalliklar borki, ular yashirin tarzda kechib, keyinchalik kishi salomatligiga katta xavf tugʼdiradi. Vaqti-vaqti bilan tibbiy koʼrikdan oʼtish ana shu kabi muammolarning oldini oladi, – deydi Oʼzbekiston XDP Qoʼshtepa tuman kengashi raisining xotin-qizlar masalalari boʼyicha oʼrinbosari Turdixon Rustamova. – Shu bois, tumanda xotin-qizlar orasida tez-tez tibbiy koʼrik oʼtkazamiz.
Ushbu aktsiya tumandagi boshqa MFYlarda yana davom etadi. Shifokorlar xonadonlarda boʼlib, onalar va bolalar salomatligini tekshirishmoqda. Kasallik aniqlangan bemorlarga zarur tavsiya va koʼrsatmalar berilyapti. Tugʼish yoshidagi ayollar oʼrtasida kamqonlikning oldini olish, belgilangan tugʼruq oraliqlarini saqlashning afzalligi xususida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
OʼzXDP Fargʼona viloyat Kengashi
Аxborot xizmati.