Ko‘zlagan maqsadlarga yetishimizga shubha yo‘q
Ko‘zlagan maqsadlarga yetishimizga shubha yo‘q

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini tingladik.

Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida davlat va jamiyatimizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, kelgusida har bir sohada  bajariladigan ishlarning ko‘lami va ularni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi. Men ham deputat va Xalq ta’limi tizimi vakilasi sifatida Murojaatni tinglar ekanman, so‘nggi yillarda ta’lim tizimida qilingan ishlarni ko‘z oldimga keltirdim. So‘nggi olti yil ichida 500 ming o‘quvchi o‘rni yangidan yaratildi, iqtidorli o‘quvchilar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Har bir tumanda Prezident agentligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilindi. Fanlar olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ustozlari rag‘batlantirilmoqda, chekka hududda ishlayotgan hamkasblarga qator imtiyozlar joriy qilindi. Xorijiy tajribalar asosida yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratilmoqda.

2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”  deb e’lon qilindi. Birinchi navbatda Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni rivojlantirish kerakligi aytildi. Yangidan 70 maktab qurish, 460 maktabni kengaytirish, 100 ta xususiy loyihani ishga tushirish, ularning sonini mingtaga yetkazish vazifa qilib belgilandi. Shuningdek, maktabni tugatgan o‘quvchilarning chet tillarini puxta egallashlariga erishish, buning uchun esa ona tilini ham mukammal bilish zarurligi ta’kidlandi.

O‘quvchilarning kompyuter savodxonligiga erishishlari ham kelajakda ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam beradi, bugun ko‘pchilik yoshlar dasturlash tizimlarini puxta egallab, moddiy manfaat ko‘rayotganligini bilamiz. O‘quvchilarni mustaqil, kreativ va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish talab qilinadi. Kelayotgan yilda Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kabi O‘zbekistondagi barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berilishi rejalashtirilayotgani, buning uchun davlat byudjetidan 2,3 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilganligi yosh avlodning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga zamin hozirlanayotganining isbotidir. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarning yaratilishi, xorijiy tajribalarni o‘rganish ta’lim sifatining oshishiga ko‘maklashadi.

Yangi yildan xalq ta’limini xalqaro dasturlar asosida isloh qilish boshlanadi. Har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy qilinishi, kasb-hunar ta’limi qamrovini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga butunlay chek qo‘yish, davlat grantlarini ko‘paytirish kabi yangiliklar har bir insonni quvontiradi. O‘qituvchining sha’ni va maqomini, qadr-qimmatini himoya qilish Konstitutsiya yo‘li bilan mustahkamlanishi qayd etildi. Bolalar bog‘chalariga qamrov oshiriladi, bu sohada besh yillik dastur qabul qilinadi. Murojaatni tinglar ekanman, jamiyatda bo‘layotgan har bir o‘zgarishni, davlatimiz berayotgan imtiyozlarni aholiga yetkazishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlarga mas’uliyat yuklanayotgani, deputatlik nazoratini jiddiy olib borish zarurligini angladim. Negaki, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish, ularning talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik har birimizning burchimizdir. Prezidentimiz “.... Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan orqaga qaytmaymiz, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta  erishamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga suyanamiz. Bir tanu, bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan  Yangi O‘zbekistonni birgalikda bunyod etamiz”, deb ta’kidladi.

Yangi yil eshik qoqmoqda. Xalqimizning kelayotgan yildan umidlari katta. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aniq maqsad sari birlashsak, ko‘zlagan maqsadlarimizga yetishimizga shubha yo‘q.

 

Sanobar Xo‘jamuratova,

Amudaryo tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi.

O‘zA

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish