Samarqandlik saylovchilar diqqatiga!
Samarqandlik saylovchilar diqqatiga!

Xalq demokratik partiyasining ustuvor g‘oyalaridan biri ijtimoiy himoyadir. Partiya shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Shulardan kelib chiqqan holda, partiya ijtimoiy demokratiya g‘oyasi bilan jamiyatda aholining ijtimoiy himoyasi so‘zsiz ta'minlanishiga ishonadi. Bu g‘oya partiya dasturiy maqsadlarida, deputatlikka nomzodlarning Saylovoldi dasturida o‘z aksini topgan.

Xo‘sh, Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Samarqand viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlari qaysi ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiqmoqda?

 

 

Ulug‘bek Kamolov,  Buxgalteriya hisobi, iqtisodiyot, Samarqand viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 56-Registon saylov okrugidan nomzod:

– Ijtimoiy muhofaza muhtoj kishilar va oilalarni aniqlashda muammoli holatlar juda ko‘p. Deputatlar murojaatlarni ijobiy hal etish uchun turli tashkilotlar, vakolatli idoralarga murojaat etganda, asosan bir masalaga duch keladi. U ham bo‘lsa, tegishli me'yoriy hujjatlarda oilaning kam ta'minlanganligini aniqlovchi mezonlar aniq belgilanmagan. Natijada davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar har doim ham o‘z manziliga, haqiqatda muhtoj kishilarga yetib bormayotgani kuzatilmoqda. Bundan esa partiyamiz himoya qilishi kerak bo‘lgan qatlam aziyat chekyapti. Shu bois partiyamiz ijtimoiy muhofazaga muhtojlikni belgilash mezonlarini qonunchilikda sodda va tushunarli tarzda aks ettirish uchun qat'iy harakat qiladi.

 

 

 

Dilfuza Yakubjanova matematik, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali axborot talim texnologiyalari kafedrasi mudiri, 57-So‘g‘diyona saylov okrugidan nomzod:

– Ochig‘ini aytganda, jamiyatimizda ijtimoiy adolatni ta'minlash, aholini, yoshlarni munosib ish bilan ta'minlash, ta'lim olish, sog‘liqni saqlash imkoniyatlaridan foydalanishida ayrim kamchiliklar bor. Bizning maqsadimiz ijtimoiy adolatni to‘la tiklashga erishidan iborat.

Shu maqsadda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat ta'lim muassasalarida faqat o‘ziga to‘q oilalar farzandlari o‘qiy olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu ta'lim muassasalaridagi to‘lov-kontraktning ijtimoiy maqbul miqdorini qonunchilikda belgilab qo‘yish taklifini ilgari suryapmiz.

 

 

 

Dilorom Turdaliyeva, shifokor, “SOLE VITA” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori, 58-Oqdaryo saylov okrugidan nomzod:

– Biz yaqin orada barcha aholi qatlamlariga mulkchilik shakli va  moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, barcha ta'lim muassasalarida sifatli maktabgacha, o‘rta, oliy ta'lim, xususan, kasbiy ta'lim olishlari va malakasini oshirishlari uchun teng imkoniyatlar yaratishga erishmoqchimiz.

Bundan tashqari, partiyamiz maktab o‘quvchilariga jamoat transportida  bepul yurish huquqini taqdim etish hamda barcha maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalarida o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni balanslashgan sog‘lom oziq-ovqatlar bilan kafolatli ta'minlash tashabbusi bilan chiqadi.

 

 

 

Nodira Mirzayeva, shifokor, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining ambulator-poliklinika xizmati bo‘yicha o‘rinbosari, 59-Bulung‘ur saylov okrugidan nomzod:

– Hammamiz yaxshi bilamiz, kishilarning yaxshi yashashi va munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishida kommunal soha rivoji muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun biz bu yo‘nalishga ham alohida e'tibor qaratdik. Joylarda kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz hisoblangan qarzdorlikni aniqlash, iste'molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishni yanada faollashtirishni maqsad qildik. Qisqa qilib aytganda, biz uy-joy va kommunal xizmatlarining ijtimoiy maqbulligini ta'minlash tarafdorimiz!

 

 

 

Ulug‘bek Vafayev, iqtisodchi, moliyachi, huquqshunos, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 60-Payariq saylov okrugidan nomzod:

– Partiya shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Shundan kelib chiqib, biz fuqarolar uchun mehnat qilish, dam olish, har yilgi haqi to‘lanadigan ta'tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, insonning hayot ta'minoti uchun zarur bo‘lgan ish haqi, pensiya va nafaqalarning kafolatlangan eng kam miqdorini joriy etish kabi ijtimoiy tenglik va adolat g‘oyalarini qonun chiqaruvchi organdagi vakillari orqali ilgari surishda davom etamiz.

 

 

 

Dilmurod Ismatov, jurnalist, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari, 61-Qo‘shrabot saylov okrugidan nomzod:

– Biz, vaqtinchalik, bir martalik ish bilan ta'minlash byurosi faoliyatini tashkillashtirish, jumladan, ushbu mehnatda band bo‘lgan xodimlarning mehnat huquqlari kafolatli himoya qilinishini ta'minlashda kerakli tartibni joriy etishga ham erishamiz.

Deputatlik va jamoatchilik nazorati tarzida “mardikor bozorlari”ni o‘rganib chiqish va shu asnoda fuqarolarni vaqtincha bir martalik ish bilan ta'minlashga odi huquqiy-me'yoriy hujjatlar nega ish bermayotganining sabablarini aniqlashni maqsad qilganmiz.

 

 

 

Baxrom Nazarov, muhandis-quruvchi, Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, 62-Ishtixon saylov okrugidan nomzod:    

–  Har bir monitoring natijalariga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinishi zarur. Bunda, odamlar ijtimoiy muammolarini xolis va adolatli hal etishda partiya yordam berishini bilishi kerak. Bu holatda mazkur masalalar bo‘yicha “uchinchi tomonga” murojaat qilishga zaruriyat qolmaydi. O‘z navbatida, partiya mahalliy kengashlari huzuridagi jamoatchilik qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va partiya guruhlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashni rejalashtirgan.

 

 

 

 

Safar Ostonov, jurnalist, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri, 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod:

– Ochig‘ini aytganda, jamiyatimizda ijtimoiy adolatni ta'minlash, aholini, yoshlarni munosib ish bilan ta'minlash, ta'lim olish imkoniyatlaridan foydalanishida ayrim kamchiliklar bor. Bizning maqsadimiz ijtimoiy adolatni to‘la tiklashga erishidan iborat. Masalan, biz kam ta'minlangan oilalardan chiqqan iqtidorli bolalarning nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablarida tahsil olishini ta'minlash, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat ta'lim muassasalarida faqat o‘ziga to‘q oilalar farzandlari o‘qiy olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu ta'lim muassasalaridagi to‘lov-kontraktning ijtimoiy maqbul miqdorini qonunchilikda belgilab qo‘yishni taklif etyapmiz.

 

 

 

Feruza Raximova, pedagog, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 64-Narpay saylov okrugidan nomzod:

– O‘zbekiston XDP jamiyat hayotining barcha sohasida ijtimoiy tenglik tamoyillariga tayangan holda, islohotlarning mazkur bosqichida kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli va qobiliyatli farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud, deb hisoblaydi. Shu maqsadda bola qobiliyatini erta aniqlash va ularning barkamol rivojlanishiga yo‘naltirilgan samarali protsessual mexanizmlarni yaratish, kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli va qobiliyatli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tizimini yaratish kerak, deb hisoblaymiz.

 

 

 

Sherbek Buranov, bank ishi, buxgalteriya hisobi va audit, “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki Samarqand viloyati filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari, 65-Ziyovuddin saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, mazkur holat ichki bozorda taqchillik keltirib chiqarmasligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirib yubormasligi lozim, deb hisoblaydi. Ana shu maqsadda iste'mol bozorining tegishli segmentlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi va uning yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlarida o‘z guruhlari orqali mamlakatimizda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha takliflar kiritishni rejalashtirdik.

 

 

 

Zebiniso Raxmanova, biolog-zoolog, Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari - xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 66-Nurobod saylov okrugidan nomzod:

– Biz har bir insonning hayotiy ehtiyojlari kafolatli ta'minlanishi tarafdorimiz! Aholining kam ta'minlangan qatlamlari uchun ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan do‘konlar tashkil etishni huquqiy tartibga solish hamda shunday savdo tarmoqlarini rivojlantirishga doir ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, olingan natijalar asosida xorij tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlashni maqsad qilganmiz.

 

 

 

 

Alisher Karshiyev, shifokor, “Abu Ali ibn Sino” sanatoriyasi MChJ direktori, 67-Pastdarg‘om saylov okrugidan nomzod:

– Aholining kam ta'minlangan qatlami, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qurilayotgan arzon uy-joylar sonini ko‘paytirish kerak.  Shuningdek, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyotini takomillashtirish zarur, deb o‘ylayman.

 

 

 

 

Mavsuma Mirvafoyeva, filolog, Tayloq tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i, 68-Samarqand saylov okrugidan nomzod:

– Biz yaqin orada barcha aholi qatlamlariga mulkchilik shakli va  moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, barcha ta'lim muassasalarida sifatli maktabgacha, o‘rta, oliy ta'lim, xususan, kasbiy ta'lim olishlari va malakasini oshirishlari uchun teng imkoniyatlar yaratishga erishmoqchimiz.

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus adabiyotlar, jumladan, ovoz jo‘rligidagi Brayl alifbosi asosida ham chop etish va xarid qilish, inklyuziv ta'limni rivojlantirish va shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilariga imtiyozlar taqdim etish, ushbu maqsadlar uchun xarajatlarni davlat budjetidan moliyalashtirishni ta'minlash kerak, degan taklifni ilgari suryapmiz.

 

 

Fotex Raxmatov, buxgalteriya hisobi va audit, Fuqarolik jamiyatini shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, 69-Tayloq saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz o‘qituvchilar va shifokorlarning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlashga katta e'tibor qaratadi.Ana shu maqsadda bizning parlament fraksiyamiz sog‘liqni saqlash va  ta'lim  sohasi xodimlarining sha'ni, qadr-qimmati, obro‘yi va xavfsizligini ishonchli himoya qilinishini ta'minlaydigan  me'yorlarni  qonuniy  jihatdan mustahkamlashga erishadi.

Biz, shuningdek, yuqori malakali tajribali mutaxassislarni chekka va olis  qishloq aholi punktlaridagi tibbiyot va ta'lim muassasalariga ishga jalb etish maqsadida imtiyozlar va rag‘batlar tizimini joriy etishga ham intilamiz.

 

 

 

Gulshoda Nuriddinova, tarixchi, Urgut tumanidagi 28-maktab direktori, 70-Urgut saylov okrugidant nomzod:

– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me'yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan qat'iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tarafdori. Shu maqsadda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlari hamda ro‘yxatini belgilash davlat tomonidan tartibga solinishini qonuniy jihatdan mustahkamlashi kerak, deb o‘ylaymiz.

 

 

 

 

Toxira Tulayeva, akusher-ginekolog, Urgut tuman tibbiyot birlashmasi ginekologiya bo‘limi mudiri, 71-Qoratepa saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz g‘oyalaridan kelib chiqqan holda, aholining real daromadi va bandligini izchil amalga oshirish orqali faol ijtimoiy himoya, aholini ijtimoiy himoyalash va sog‘lig‘ini muhofaza qilish yo‘nalishidagi davlat tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholi yashash sharoitlari yaxshilanishini ta'minlovchi arzon uy-joylar qurilishi, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ro‘yobga chiqarish kabi yo‘nalishlarda faol ishtirok etishni rejalashtirdim.

 

 

 

Hurmatli saylovchilar! Sizlarni saylovda Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqiramiz!

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

www.kun.uz

Teglar

Saylov-2019
← Roʻyxatga qaytish