Men muvaffaqiyatli ayolman

Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazida O‘z XDP Toshkent shahar Kengashi «Ayollar qanoti» bilan hamkorlikda «Men muvaffaqiyatli ayolman» loyihasi doirasida MFY fuqarolari, keng kitobxonlar ommasi, kutubxona foydalanuvchilari va AKM mutaxassislari uchun «Ilmli ayol - oila baxti» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Teatr Arboblari uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasi «San’at» bo‘limi rahbari G. Umarova taklif qilindi.

Davra suhbatini «Bilim» AKM direktori H. Karimova ochib berdi. U olima ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni haqida gapirib, «Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz» degan iboraning mazmunini tushuntirib berdi. Tadbir mehmoni madaniyat xodimi G. Umarova o‘zining ilm va ma’rifat yo‘lidagi 45 yillik tajribasi hamda ish jarayonida erishgan yutuqlari xususida batafsil so‘zlab berdi. Bundan tashqari, 2001 yilda Davlatimiz tomonidan «Mehnat shuhrati» ordeni, 2011 yil «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvonlari sohibi bo‘lishida oiladagi muhit, umr yo‘ldoshining qo‘llab-quvvatlaganligidan behad minnatdorligini faxrlanib gapirdi.
Tadbir davomida MFY fuqarolari, «Bilim» AKM boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari va partiyamiz xayrixohlari «Olima ayollar - yurt ravnaqi» mavzusida adabiyotlar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

← Roʻyxatga qaytish