XDP yetakchisi Ulugʼbek Inoyatov yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq boʼlmaslikka chaqirdi

 

2023 yil 5 aprel kuni Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro shahridagi Yoshlar markazi xiyobonida ochiq osmon ostida “Mening Konstitutsiyam” shiori bilan yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bagʼishlangan targʼibot tadbiri oʼtkazdi.

Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

 

250 ga yaqin shijoatli yoshlar va faol xotin-qizlar, ertangi kuniga befarq boʼlmagan buxoroliklarni jamlagan tadbir davomida koʼtarinki kayfiyat hukmronlik qildi.

Muhtasham tarixi, tabarruk ziyoratgohlari, ulugʼ allomalari bilan dunyoga mashhur zaminda bugun ham mard va tanti, uddaburon, mehnatkash va fidoyi insonlar yashaydi, yoshlari bilim olishda, sportda oʼrnak va ibrat koʼrsatmoqda. Tabiiyki, ilmga, yangiliklar va islohotlarga chanqoq buxoroliklar ertangi kuni, taqdirini belgilab beradigan siyosiy jarayonlar, yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq emas.

Tadbir avvalida yangilanayotgan Konstitutsiya inson haqidagi eng oliy hujjat ekani, unda insonning baxtli boʼlishi uchun eng muhim qoidalar belgilab qoʼyilayotgani taʼkidlandi.

Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Ulugʼbek Inoyatov Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qoʼllab-quvvatlab kelayotgani, butun respublikadagi partiya elektorati vakillari, deputatlar va faollardan olingan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati mazmunan yangilanayotgan Konstitutsiyada oʼz ifodasini topayotgani, bu katta ijtimoiy-siyosiy yutuq ekanini qayd etdi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya ilgʼor davlatchilik va demokratiya tajribalari asosida toʼliq xalqimiz, fuqarolar manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy davlat qurish yoʼlida yangi davrni boshlab beradi.

Ochiq osmon ostidagi targʼibot tadbirida keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga asos boʼladigan ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani haqida alohida toʼxtalib oʼtildi.

Endilikda Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat xalqimiz uchun juda muhim boʼlgan masalalarda qator majburiyatlarni zimmasiga olayotgani taʼkidlandi.

Eng asosiysi, Oʼzbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qatʼiy belgilanib, keyingi moddalarda bu qoida rivojlantirilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz adolatli haq olish huquqiga ega ekani, 43-moddada fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambagʼallikni qisqartirish choralarini koʼrish, 47-moddada esa har kim uy-joyli boʼlish huquqini kafolatlash uchun sharoit yaratish davlatning zimmasida boʼlishi belgilab qoʼyilyapti.

Bayramona kayfiyatda oʼtgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham soʼzga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi meʼyor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qoʼllab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

Tadbirda ishtirokchilar bilan bevosita muloqotga kirishilib, siyosiy-huquqiy viktorina savollariga javob va fikr-mulohazalar tinglandi. Eng faol qatnashchilarga esdalik sovgʼalari topshirildi.

Muloqot soʼnggida oilasi, farzandlari, yaqinlari yaxshi yashashi, oʼz yurti tinchligi va farovonligini istaydigan har bir yurtdoshimiz muhim siyosiy jarayonlarga befarq boʼlmasdan, referendumda oʼz fuqarolik pozitsiyasini koʼrsatishi zarurligi taʼkidlandi.

Ochiq osmon ostida muloqot tadbirlari Xalq demokratik partiyasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida oʼtkazilmoqda.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish