Ochiq osmon ostida. Navoiylik yoshlar yangilanayotgan Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda
Ochiq osmon ostida. Navoiylik yoshlar yangilanayotgan Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan Navoiy viloyat pedagogika instituti ochiq maydonida yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

“Mening Konstitutsiyam” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari ishtirok etdi.

Navoiy viloyati Respublikamizdagi eng katta viloyat hisoblanadi. Energetika, konchilik, metallurgiya singari yetakchi tarmoqlarga ega viloyatda ko‘plab yirik korxonalar ham joylashgan. 300 ga yaqin ilmga chanqoq yoshlar va ishtiyoqli xotin-qizlar, olimlar, professor o‘qituvchilar, turli sohalar mutaxassislarini bir yerga jamlagan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz jamiyatimizda yangicha, ilg‘or siyosiy ma’rifatning yuzaga kelishiga ham xizmat qilishini ta’kidladi.

Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizda ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik sari tashlanayotgan dadil qadamlar uchun mustahkam asos vazifasini o‘taydi. Chunki unda aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, hayotning barcha sohalarini rivojlantirish bo‘yicha huquqiy kafolatlar mustahkamlanmoqda.

Xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olinib, ekspert va mutaxassislar, eng asosiysi xalqimizning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Qomusimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani inson qadrini yuksaltirishning poydevori yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Davlat kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha qator yangi majburiyatlarni olishi belgilanmoqda. Yosh yovlodga bilim berishdek mas’uliyatli va mashaqqatli kasb egalari o‘qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmati davlat himoyasiga olinyapti.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar haqida batafsil tushunchalar berildi. So‘zga chiqqan mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham Konstitutsiyamizdagi yangi me’yor va qoidalar xalqimizga manzur bo‘layotgani, mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

Tadbirda g‘ayratli, faol yoshlar ham so‘z olib, tengqurlarini o‘z kelajagiga befarq bo‘lmaslik, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamlari tadbirlari yurtimizning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish