Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilmaydi
Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilmaydi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari Respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.

“Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi muloqot Andijon shahridagi Registon maydonida bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, yoshlar, umuman o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan andijonliklar ishtirok etdi.

Andijon ahli shirinsuhan, mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodirabegim, Cho‘lpon singari ulug‘ ajdodlarimiz aynan shu zaminda tavallud topgan. Qadimdan madaniyat, ma’rifat taraqqiy etgan hudud aholisi tabiiyki, Konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emas.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda “ijtimoiy birdamlik” tamoyili birinchi marta kiritilayotganligi, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga oshayotgani xalqimizning birdamligi va farovonligi kafolati bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ta’lim olish huquqi va imkoniyatlari kengaytirilayotgan bo‘lib, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lmoqda. Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Nogironligi bor bolalarga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilyapti. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda.

120-moddaga muvofiq hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Ya’ni viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas deb belgilab qo‘yilmoqda.

127-moddada esa Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

Kuy-qo‘shiq, xursandchilik kayfiyatida o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasidagi shu va boshqa o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangi me’yor va qoidalar aholi vakillariga ma’qul bo‘layotgani, uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish