O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro davlat Tibbiyot institutida ochiq osmon ostida “Mening Konstitutsiyam” shiori bilan yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, va talaba yoshlar ishtirok etdi.
300 ga yaqin shijoatli yoshlar va faol xotin-qizlar, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan buxoroliklarni jamlagan tadbir davomida ko‘tarinki kayfiyat hukmronlik qildi.
Muhtasham tarixi, tabarruk ziyoratgohlari, ulug‘ allomalari bilan dunyoga mashhur zaminda bugun ham mard va tanti, uddaburon, mehnatkash va fidoyi insonlar yashaydi, yoshlari bilim olishda, sportda o‘rnak va ibrat ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, ilmga, yangiliklar va islohotlarga chanqoq buxoroliklar ertangi kuni, taqdirini belgilab beradigan siyosiy jarayonlar, yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq emas.
Tadbir avvalida yangilanayotgan Konstitutsiya inson haqidagi eng oliy hujjat ekani, unda insonning baxtli bo‘lishi uchun eng muhim qoidalar belgilab qo‘yilayotgani ta’kidlandi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Shuxrat Jumayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Raxmonovlar Konstitutsiviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, butun respublikadagi partiya elektorati vakillari, deputatlar va faollardan olingan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati mazmunan yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topayotgani, bu katta ijtimoiy-siyosiy yutuq ekanini qayd etdi.
Yangilanayotgan Konstitutsiya ilg‘or davlatchilik va demokratiya tajribalari asosida to‘liq xalqimiz, fuqarolar manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy davlat qurish yo‘lida yangi davrni boshlab beradi.
Ochiq osmon ostidagi targ‘ibot tadbirida keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga asos bo‘ladigan ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Endilikda Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat xalqimiz uchun juda muhim bo‘lgan masalalarda qator majburiyatlarni zimmasiga olayotgani ta’kidlandi.
Eng asosiysi,O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qat’iy belgilanib, keyingi moddalarda bu qoida rivojlantirilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz adolatli haq olish huquqiga ega ekani, 43-moddada fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, 47-moddada esa har kim uy-joyli bo‘lish huquqini kafolatlash uchun sharoit yaratish davlatning zimmasida bo‘lishi belgilab qo‘yilyapti.
Bayramona kayfiyatda o‘tgan tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi me’yor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.
Tadbirda ishtirokchilar bilan bevosita muloqotga kirishilib, siyosiy-huquqiy viktorina savollariga javob va fikr-mulohazalar tinglandi. Eng faol qatnashchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muloqot so‘nggida oilasi, farzandlari, yaqinlari yaxshi yashashi, o‘z yurti tinchligi va farovonligini istaydigan har bir yurtdoshimiz muhim siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmasdan, referendumda o‘z fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.
Ochiq osmon ostida muloqot tadbirlari Xalq demokratik partiyasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.