O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov Sirdaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi. Saylovoldi uchrashuvida viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati, partiya guruhi rahbari Sherali Mamadetsoyev olib bordi va qo‘llab-quvvatlab uchrashuvga kelganlarga minnatdorlik bildirdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, nomzodning ishonchli vakili Firdavs Sharipov nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Prezidentlikka nomzod o‘z saylovoldi dasturi, undagi ustuvor yo‘nalishlar, g‘oya va tashabbuslar to‘g‘risida atroflicha tushuncha berdi.
Xususan, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi ahamiyati haqida fikr yuritildi.
Dasturda yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari kabi 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq, manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, dasturda har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash, ushbu maqsadda “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida” qonun qabul qilish taklif etilgan.
Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtalindi. Aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoyalash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.
Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi, viloyatni yanada rivojlantirish borasida takliflarini bildirdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatovni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Sirdaryoliklar saylovda faol ishtirok etishi haqida fikrlar bildirildi.