Prezidentlikka nomzod surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan keyingi uchrashuvini Surxondaryo viloyatida davom ettirdi.

Uchrashuv Termiz shahridagi Termiz davlat universiteti old maydonida bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etishdi.

 

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi raisi Alisher Pardayev olib bordi. Nomzodning ishonchli vakili Mavjuda Hasanova saylovchilarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, bo‘lajak saylov uchun elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidan yuqoriga tizimi asosida takliflar har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgani, keng qamrovli dastur ishlab chiqilganini ta’kidladi. Dasturda to‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Xususan, dasturda ijtimoiy himoyani kafolatlash, huquqlar imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etish, davlat va jamiyat boshqaruvini xalq hokimiyatchiligi tamoyillari asosida yanada demokratlashtirish bilan bog‘liq g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Nomzod dasturidagi har bir taklifni atroflicha tushuntirib berdi.

Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar.

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini yaxshilash bo‘yicha nimalarni taklif qilyapsiz, degan savol berildi. Nomzod har bir dastur va rejalarni ishlab chiqayotganda bu dolzarb masalaga alohida e’tibor qaratilishi, ularning fikri va takliflari olinishini ta’kidladi. Dasturda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qator takliflar nazarda tutilgan.

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlarni kengaytirish va rivojlantirish, mamlakatimizda BMTning Nogironlarga nisbatan umumjahon harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish masalasi ilgari surilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv davomida Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish